Ijtimoiy tarmoqlarda buxorolik ayol farzandini dunyoga keltirish vaqtida vafot etgani aytilgan video tarqaldi. Murojaatda erkak mazkur voqeaga tibbiyot xodimlarining e’tiborsizligini sabab qilib ko‘rsatmoqda.
Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi jarayonga quyidagicha munosabat bildiradi.
Marhuma Ochilova Zaynabbonu Hamrojon qizi 1992 yilda Qorako‘l tumanida tug‘ilgan.
12 dekabr 2024 yil soat 21:50 da RIO va BSIATM DM Buxoro filialiga(Perinatal markaz) qabul qilingan. O‘shanda kuchli shamollash alomatlari: yo‘tal, tana haroratining 38*S gacha ko‘tarilishi, qog‘onoq suvlarining ketishi, umumiy holsizlik holatida bo‘lgan.
Bemorda ushbu homiladorlik kamqonlik fonida kechgan. Homiladorlikning 14 haftalik muddatida (14.06.2024y) jigar exinokoki tashxisi bilan operativ davolangan.
Qayd etilishicha, kerakli barcha klinik laborator, instrumental tekshiruvlar o‘tkazilgan. Kerakli mutaxasislar (pulmonolog, terapevt) konsultatsiyasi o‘tkazilgan.
Shundan so‘ng mutaxassislar tomonidan konsilium asosida Z.Ochilovaga standartlarga ko‘ra kerakli davo buyurilgan, kuzatuv davom ettirilgan. Ayolda tug‘ruq milliy standart asosida olib borilgan, operativ tug‘ruqqa ko‘rsatma bo‘lmagan.
13 dekabr kuni tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi kuzatilgan. Kerakli dorilar buyurilgan. Kelishilgan shifokorlar konsiliumidan keyin tor mutaxassislar pulmonolog va jarroh shifokor ko‘ruvi tashkil qilingan.
O‘sha kuni soat 12:30da esa muntazam tug‘uruq dardlari, 14:25da jadallashgan tug‘uruq kuzatilgan. Vazni 4,1 kilo bo‘lgan qiz jinsli chaqaloq tug‘ilganidan so‘ng ayol 250ml qon yo‘qotgan va bachadon gipotoniyasi kuzatilgan. Shu paytning o‘zida ayol ahvoli birdan yomonlashib nafas yetishmovchiligi belgilari kuzatilgan. Teri qoplamlari rangpar tusga kirib, sianoz paydo bo‘lgan.
Zudlik bilan reanimatologlar va kerakli mutaxassislar chaqirilgan.
Bemor sun’iy nafas apparatiga ulangan va intensiv reanimatsion chora-tadbirlar boshlangan. Bemorda kardiomonitorda yurak fibrilyatsiyasi aniqlangan. Yurak faoliyatini tiklash va fibrilyatsiyani oldini olish maqsadida kerakli preparatlar qo‘llangan. Puls periferiyada aniqlanmagan. Yurak faoliyatini tiklash maqsadida defibrilyatsiya va yurak bevosita massaj qilingan.
Soat 15:05da bemor ahvoli og‘irlashib, nafas yetishmovchiligi, teri sianozi kuchaygan. Ammo 40 minutlik o‘tkazilgan o‘pka-yurak reanimatsion chora-tadbirlari natijasida yurak faoliyati tiklanmagan. Ayolda o‘sha kuni soat 15:15da biologik o‘lim qayd qilingan.
Marhuma Sud tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazilgan va o‘lim sababi qog‘onoq suvlari emboliyasi ekani tasdiqlangan.
Holat yuzasidan Buxoro davlat tibbiyot institutining professor-mutaxassislari ishtirokida xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan va Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mutaxassislari ishtirokida chuqur muhokama qilingan.
Tibbiy hujjatlar yuritilishida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlar - markaz 2-tug‘ruq bo‘limi mudiri S.Rabiyevga hamda davolovchi akusher-ginekolog Z. Musinovaga o‘rtacha oylik maoshidan 30 foiz jarima qo‘llanilib, boshqa bo‘limga rotatsiya qilingan.