Tramp falastinga xayrixoh xorijliklarni aniqlash, jazolash va deportatsiya qilish bo‘yicha ko‘rib chiqishni buyurdi. AQSHga ta’lim vizasi bilan kelib o‘qiyotgan xorijlik talabalar ham shular sirasiga kiradi.
Prezident Donald Tramp federal idoralarga antisemitizmga qarshi kurashish uchun mavjud “barcha fuqarolik va jinoiy vakolatlarni” aniqlashni buyuruvchi farmonga imzo chekdi. Bunga qonunlarni buzgan yahudiylarga qarshi faollarni deportatsiya qilish yo‘llarini topish ham kiritilgan.
The New York Post nashri birinchi bo‘lib xabar qilgan bu farmonga ko‘ra, federal agentliklar va departamentlar rahbarlari 60 kun ichida Oq uyga tavsiyalar taqdim etishi shart. Shuningdek, Adliya vazirligiga HAMASni qo‘llab-quvvatlovchi graffiti va tahdidlarni, jumladan, universitet shaharchalaridagi holatlarni tergov qilish rejasini tuzish topshirilgan.
“Yahudiy talabalar doimiy kamsitishga uchrashmoqda; ular kutubxonalar va o‘quv xonalari kabi umumiy kampus maydonlariga kirishdan mahrum qilinmoqda; qo‘rqitish, tazyiq, jismoniy tahdidlar va hujumlarga uchramoqda”, — deyiladi farmonda.
“AQSHning siyosati shundan iboratki, antisemitizmga qarshi qat’iy kurash olib borish uchun barcha mavjud va tegishli huquqiy vositalardan foydalaniladi, qonunbuzar antisemitik tazyiq va zo‘ravonliklarga aloqador shaxslar javobgarlikka tortiladi, deportatsiya qilinadi yoki boshqa choralar ko‘riladi.”
Farmonga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdagi terrorchilik hujumlaridan keyin G‘azoga urush boshlashga sabab bo‘lgan aksilisroil namoyishlari davomida qonunlarni buzgan chet ellik fuqarolar, jumladan, viza bilan o‘qiyotgan talabalar ham deportatsiya qilinishi kerak.
“Davlat kotibi, ta’lim vaziri va ichki xavfsizlik vaziri o‘z hisobotlarida oliy ta’lim muassasalarini (OTM) 8 U.S.C. qonunning 1182-moddasi (a)(3) bandiga ko‘ra, ya’ni xavfsizlik nutqai nazaridan o‘qishga qabul qilinmaslik asoslari bilan tanishtirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olishi lozim.
Bu universitetlar chet ellik talabalar va xodimlarning faoliyatini kuzatishi, zarurat tug‘ilganda tegishli hisobotlarni taqdim qilishi va qonunga muvofiq, tergov va chetlashtirish choralari ko‘rilishiga yordam berishi lozim”, — deyiladi farmonda.
Qonunchilik bo‘yicha respublikachilar boshqaruvidagi Oq uyning olti qo‘mitasi o‘tgan oyda hisobot taqdim qilib, federal hukumatni antisemitizmga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi. Jumladan, federal moliyaviy yordamni yahudiylarga nisbatan tazyiqqa qarshi qat’iy siyosat yuritmagan OTMlar uchun cheklash masalasi ko‘tarildi.
Hisobotda asosiy e’tibor Kolumbiya universitetiga qaratilgan bo‘lib, u yerda Isroilning falastinliklarni genotsid qilayotgani qarshi eng ko‘p namoyishlar qayd etilgan. Shuningdek, antisemitik xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan deb hisoblangan universitetlar 2023 yil moliyaviy yilida federal budjetdan 2,7 milliard dollar mablag‘ olgani ta’kidlangan.
Kongressdagi respublikachilar hisobotiga ko‘ra, Bayden ma’muriyatidagi Davlat departamenti va Ichki xavfsizlik vazirligi mazkur namoyishlarda ishtirok etgan talabalarning qanchasi vizaga ega ekanini aniqlash borasidagi so‘rovlarga to‘siq qo‘ygan.
Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasi davomida HAMAS tarafdori bo‘lgan chet ellik talabalarni deportatsiya qilishni talab qilgan edi. O‘tgan hafta u bu maqsadga yo‘naltirilgan yana bir farmonga imzo chekdi.
Bu farmonda “AQSHda qabul qilingan va mamlakatda bo‘lib turgan chet elliklar rasman terrorchi deb tan olingan xorijiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlamasligini ta’minlash” haqidagi bandi bor, biroq bu so‘zlar aniq qanday huquqiy ta’sir ko‘rsatishi hozircha oydinlashtirilmagan.
2023 yil dekabr oyida Kongressga chaqirilgan universitet rahbarlari Respublikachi vakili Eliz Stefanik (Nyu-York) tomonidan so‘roqqa tutilganida, yahudiylarning genotsidiga chaqiriq jazolanishi kerakmi-yo‘qmi, degan savolga javob berishdan bosh tortgan. Ular buni so‘z erkinligi bilan asoslagan.
Abdulloh Sayyid