AsosiyJamiyat

Samarqandda mashinani YPX xodimining ustiga haydagan haydovchi qamoqqa olindi

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Samarqandda mashinani YPX xodimining ustiga haydagan haydovchi qamoqqa olindi'ning rasmi

Samarqand viloyatida mashinasini yo‘l-patrul inspektorining ustiga haydagan haydovchi qamoqqa olindi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi axborot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, joriy yilning 31 yanvar kuni Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida xizmat faoliyatini olib borayotgan yo‘l-patrul xizmati xodimi tomonidan shu yo‘nalish bo‘ylab davlat raqam belgisiz Onix haydovchisiga sezilarli va hushtak yordamida to‘xtash ishorasi berilgan. Lekin haydovchi inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, uning ustiga haydab, tan jarohati yetkazgan va voqea joyidan yashiringan.

“Kechki soat 20:00 da uyga Payariqdan o‘z avtomobilim bilan qaytayotgandim. Mikrorayon tomonidan kelayotgan vaqtimda xodim turgan ekan. Xodim to‘xtatganiga to‘xtadim, mashinadan tush deganida tushmadim, haydab ketdim. To‘xtamasdan YPX xodimi kapotning ustiga qo‘llarini tashlab, ushlab qoldi, odamlar signal berdi, umuman eshitmadim ham. Qilgan ishimni takrorlamayman, iltimos, meni kechiringlar”, deydi haydovchi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (fuqarolarning teng huquqliligini buzish) 3-qismi va 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi protsessual tartibda ushlangan va unga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar