Ertaga, 18 fevral kuni ertalab Ilon Maskning xAI startapi Grok 3 chat-botini taqdim etadi. U “Yer yuzidagi eng aqlli sun’iy intellekt” bo‘ladi. Bu haqda Mask o‘zining X'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, sun’iy intellekt sohasidagi ushbu chat-botning namoyishi Toshkent vaqti bilan ertaga, 18 fevral kuni soat 09:00 da (Tinch okeani vaqti bilan 17 fevral 20:00) bo‘lib o‘tadi.
Ilon Maskning ta’kidlashicha, Grok 3 chat-boti “dahshatli zukkolik” namoyish etib, hatto uning o‘zi uchun ham oldindan aytish qiyin bo‘lgan yechimlarni taklif qilmoqda. Ushbu model sun’iy ma’lumotlar asosida o‘qitilgan bo‘lib, xatolarni tahlil qilish, ularni oldindan ko‘rish va oldini olish qobiliyatiga ega.
“Yerdagi eng aqlli sun’iy intellekt”, deb yozdi Mask.
Yangi sun’iy intellekt modeli bepul foydalanish uchun taqdim etilishi kutilmoqda. Ilgari Grok faqat Premium va Premium + pullik obunachilari uchun mavjud bo‘lgan. Endilikda Maskning neyron tarmog‘idan veb versiyada – Grok.com saytida hamda barcha foydalanuvchilar uchun mobil ilova orqali foydalanish mumkin. Ko‘plab boshqa sun’iy intellekt yechimlaridan farqli o‘laroq, ushbu AI modeli cheklovlarga, jumladan, axloqiy cheklovlarga nisbatan kamroq bog‘langan.
2024 yil dekabr oyi oxirida Ilon Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘i barcha foydalanuvchilar uchun maxsus chat-bot Grok 2 ga bepul kirish imkoniyatini taqdim etgan edi.