Hindiston poytaxti Nyu-Delxining janubida joylashgan mehmonxonada sodir bo‘lgan katta yong‘in oqibatida kamida 13 nafar xorijlik fuqaro halok bo‘ldi. Ular orasida 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Randxir Jayasval TASS agentligiga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lganlar orasida Mozambikdan 1 nafar, Nigeriyadan 4 nafar, Qirg‘izistondan 3 nafar, O‘zbekistondan 1 nafar, Bangladeshdan 1 nafar, Liberiyadan 1 nafar, Kongo Respublikasidan 1 nafar hamda Iroqdan 1 nafar fuqaro borligi aytilgan.
Shuningdek, 20 dan ortiq xorijlik turli darajada jarohat olgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston TIV barcha tegishli elchixonalar bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur yordam ko‘rsatishga harakat qilmoqda. "Biz mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda barcha kerakli hujjatlarni rasmiylashtirish, shuningdek, tibbiy yordam zarur bo‘lgan hollarda shifoxonalar ma’muriyati bilan ish olib bormoqdamiz", — dedi idora vakili.
Avvalroq Hindiston OAVlarida yong‘in oqibatida 18 nafar xorijlik halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi. TASS agentligiga ko‘ra, Hindistondagi Rossiya elchixonasi ushbu yong‘inda rossiyalik fuqarolar halok bo‘lmagani yoki jabr ko‘rmaganini ma’lum qilgan.
Hodisa 3 iyun kuni ertalab mehmonxonada sodir bo‘lgan bo‘lib, umumiy hisobda 21 kishi halok bo‘lgan, 47 kishi esa qutqarilgan.
Hozirda yong‘in sabablari o‘rganilmoqda, mehmonxona egasi esa hibsga olingan.






