Rossiya Federatsiyasida ota-ona qarovisiz qolgan yana ikki nafar voyaga yetmagan vatandoshimiz Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahridagi Voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markazi xodimlari ko‘magida O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, olib kelingan bolalarning biri, ota-onasining ishonchnomasi asosida RF ga ketgan.
Ikkinchisi esa, 2023 yildan beri mehnat migratsiyasida ekanligi, 9-sinf o‘quvchisi bo‘lganidayoq opasining turmush o‘rtog‘i bilan Moskvaga borib, dastlab farrosh, keyinchalik esa qahvaxonada idish-tovoq yuvuvchi sifatida ishlab yurgan.
Ikkala fuqaro ham politsiya tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida Voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markaziga yuborilgan.
Shu o‘rinda: O‘zbekiston hududidan bolalarni kuzatib borish uchun berilgan ishonchnoma boshqa davlat hududida bolaning qonuniy vakili bo‘lish huquqini bermasligini eslatib o‘tamiz.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunga qadar 9 nafar voyaga yetmagan bola vatanga qaytarildi. Mart oyida Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilmoqda va kelgusida oilaviy muhitga qaytarish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.