Ma’lum qilinishicha, dastur aholi bilan ishlashning yangi tizimini joriy etish, muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlarni ijtimoiy jarayonlarga keng jalb qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra, 2026 yil davomida 10 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha turli yo‘nalishdagi aksiya va loyihalar o‘tkazilishi, 50 mingdan ziyod tadbirkor ishtirok etishi va 1,5 milliondan ortiq fuqarolar qamrab olinishi rejalashtirilgan.


Dastur doirasida aholi muammolarini joylarda o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, "Yurakka yo‘l" aksiyasi orqali uyma-uy yurish yo‘lga qo‘yilib, ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish choralari ko‘riladi. Shuningdek, hududlarda mobil shtablar tashkil etilib, sayyor qabullar orqali murojaatlar ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, mahalla instituti bilan hamkorlikda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kuchaytirilishi, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash, ochiq muloqotlar hamda zamonaviy onlayn platformalar orqali aholi bilan doimiy aloqa o‘rnatish rejalashtirilgan.

Yakunda dasturga rasmiy start berilib, uni amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar va yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Tashabbus aholi bilan muloqotni kuchaytirish, muammolarni tezkor hal etish va jamiyatda o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.







