1

«O`g`limning dardi ko`zlarimni ochdi...»

Mutolaa 12.12.2016, 14:22
Teglar: Xikoya
«O`g`limning dardi ko`zlarimni ochdi...»

O`sha kunlarni eslasam, haliyam dahshatga tushaman. Yuragim orqaga tortib ketadi. Jinni bo`lib qolmaganimga shukr qilaman. Parvardigor dard bersa, shifosini ham berishiga o`shanda ishondim.

Tibbiyot institutida o`qiganim uchun kech uylanganman. Xirurg-onkologman. Qizilo`ngach saratoni bilan og`rigan bemorlarni davolayman.

Umid yolg`iz o`g`lim. Uchta qizdan keyin Alloh orzumizni ushaltirgan. U tug`ilganida roppa-rosa qirq yoshda edim. Umidning tomog`i tez-tez og`rigani uchun rosa avaylardik. Ayniqsa oyisi har doim ko`z-quloq edi:

— Umidjon, sovuq suv ichib qo`yma!

— Bolam, ovozing boshqacha, tomog`ing og`riyaptimi?

«Asragan ko`zga cho`p tushar», deganlari rost ekan. O`shanda Umid o`n besh yoshda edi.

— Tomoqni ochadigan dori olib keling, — dedi ayolim qo`ng`iroq qilib.

Bildimki, o`g`limning yana tomog`i og`rigan. O`sha kuni uning issig`i chiqib, rosa bezovta bo`ldi. Ukol qildim. Dori ichirdim. Ahvoli yaxshilangandek bo`ldi. Bir hafta o`tib, u yana qaytaladi.

— Lorga olib bor. Yaxshilab tekshirsin, — ertalab tayinlab ketdim xotinimga.

— Umidning gaplariga qarab, allergiyasi ham bor, shekilli, deb manov dorilarni yozib berdi, — kechqurun dorilar ro`yxatini qo`limga tutqazdi u.

— Yaxshi, olinglar…

Afsuski, bu muolajaning ta`siri ham uzoqqa bormadi. Bir oy o`tar-o`tmas o`g`lim yana ovqat eyishga qiynala boshladi.

— Anginangni oldirish kerakmi, deyman, bolam, — dedim yuragim ezilib.

— Ertaga oldiraylik, — dedi o`g`lim zorlanib. Shundagina o`g`limga e`tibor beribman. Ozib, rangi bir ahvol bo`lib qolibdi. Og`riq jonidan o`tibdiki, ertagayoq anginasini oldirishga tayyor! — Xo`pmi, dada, o`zingiz olib borasiz-a?

Unga rahmim kelib ketdi. Sho`rlik bolam… Ota bo`lib, yana o`zim shifokor bo`la turib unga bee`tiborman.

— Kel-chi, o`zim bir ko`ray! Balki yaxshilab davolasak, oldirib ham o`tirmasmiz. Yuzingdan ko`rinib turibdi — qoning kam. Anemiyasan! Immuniteting past. Quvvatlantiradigan dorilar berishimiz kerak senga, — shunday deya uning yoniga o`tirib, iyagidan tutdim. — Qani, og`zingni och. Yorug`ga qara…

Uning tomog`iga qarab hayratim ortdi. Shamollash alomatlari ko`rinmaydi. Xayolimga kelgan fikrdan yuragim ortga tortdi.

— Yana qaering og`riyapti, o`g`lim… — shu savolni beryapman-u, javobini eshitgim kelmasdi.

— Ko`kragim, mana bu erim, — u to`shini ushladi. Ko`z oldim qorong`ulashdi.

— Qovurg`angning pasti-chi? — «yo`q», de bolam, «yo`q», de, zorlanaman ichimda.

— Og`riydi. Orqam… umurtqam ham og`riydi…

Tilim kalimaga kelmay qoldi. Hushimdan ketay dedim. U aytgan joylarni paypaslab ko`rgani yuragim betlamadi. «Yo`q! Faqat bu emas! Xudoyim, nahot o`g`lim saratonga chalingan? Yolg`izgina bolam, o`g`ilginam, endigina o`n beshga kirgan jigargo`sham…»

Ko`zlarim yoshga to`ldi. O`zimni qo`lga ololmasdim. O`krab yuborishim mumkin edi. Shuning uchun o`rnimdan turdim.

— Nima gap? — dedi bizga anqayib qarab o`tirgan xotinim.

— Ertaga anginasini oldiramiz. Rangini qara, shu paytgacha e`tibor qilmabman… — shunday deya yotoqxonaga yo`l oldim.

— Dadasi, ovqat suzmoqchiydim. Qayoqqa? — ortimdan baqirib qoldi u.

— Eyveringlar. Men keyin eyman…

Miyam ishlamay qolgandi. «Endi nima bo`ladi? Nahot o`g`limning… nahot uning umri hisobli? Yo`q! Dunyoga sig`may ketayotgandim. Yo`q! Men adashdim. O`zim shu sohada bo`lganim uchun menga shunday tuyuldi. Ertaga ishxonaga olib borib o`zim tekshiraman. Hammasi yolg`onligiga amin bo`laman! Ha, men adashdim!» Shu payt xotinimning ovozi qulog`imga chalindi:

— Suyuq ovqatni ham eyolmayapsanmi? Yomon og`riyaptimi? Voy bolam-ey, qachondan buyon tuzukli ovqat emaysan, ozg`inligingni qara. Majburlab e.

Bu gapdan so`ng butunlay o`zimni yo`qotdim. Sekin yotoqxona eshigidan mo`raladim. O`g`lim kosadagi suyuq ovqatni ichishga urinayapti. Lekin yutolmayapti. Yo`talyapti. Ey Xudoyim, unda uchinchi bosqich! Nahot shu paytgacha sezmadim?! Shu holga tushguncha u qancha azobni boshidan kechirgan. Men… shu kasalni davolayman-ku! Nega yonimdagi, bolamdagi kasallikni boshidan sezmadim. Yo`q! O`zingni bos! Hali tekshirish kerak… Vahima qilma!

Ertalab uni ishxonaga boshlab bordim. O`zim tekshirtirgani qo`rqdim. Shuning uchun hamkasbim Komilga tayinladim:

— Iltimos, uni tekshirtirib kel. Hamma ko`rikdan o`tkaz. Rentgenologik, endoskopik, patomorfologik, ultratovush… hammasi…

Ular kelguncha qo`lim ishga bormadi. Yurak hovuchlab o`tirdim.

— Erkin Valievich, Umidjon uyga ketaversin. Javoblar ertaga chiqarkan… — dedi o`g`limni elkasidan quchib olgan hamkasbim.

— Ertaga? — ajablanib qaradim unga. Birdan tushundim-u, yuragim «shuv» etib ketdi. U Umidning oldida gapirishni istamagani uchun shunday deyotgandi.

— Haydovchingiz bo`sh ekan, hozir Umidjonni qo`yib keladi…

Men jonsiz haykalga aylandim. Miyamga hech narsa kelmasdi. To`g`rirog`i, bu haqda o`ylashni, fikrlashni istamasdim. Hamkasbim qachon keldi, nimalar dedi qulog`imga kirmadi.

— Erkin aka? Erkin aka? — oxiri u meni turtkilay boshladi.

— Qog`ozlarni ber, — deya oldim xolos.

— Erkin Valievich, o`zingizni qo`lga oling. O`zingiz shifokorsiz-ku!

— Ha-a-a! O`zim shifokorman! Ko`r, kar shifokorman! Yolg`izgina bolam ko`z o`ngimda qizilo`ngach saratoni bo`lib o`tiribdi, bilmadim! — negadir unga baqira boshladim. — Dehqon, cho`pon bo`lganimda ham alam qilmasdi! Boshlang`ich bosqich bo`lsa ham mayli edi? Endi nima qilaman? Komil, ayt! Nima qilay, ayt! Nima qilsam, uni asrab qolaman? Asrab qolish mumkinmi o`zi? Nega bunday bo`ldi? U hali yosh-ku! Nima uchun?

Kechadan buyon bo`g`zimga tiqilib yotgan alam otilib chiqdi. Men Komilni quchib yig`lay boshladim. U meni ovutolmasdi. Men bir omi, savodsiz bo`lsam ekan, xabarim yo`q bo`lsa ekan, ovutsa… Afsus, men hammasini bilaman… Bechora o`g`lim shu paytgacha qancha azob chekkan… Men g`ofil banda… Nega bilmadim? Nega sezmadim?

— Unda uchinchi bosqich to`g`rimi? — so`radim oxiri. Qog`ozlarga qaragim ham kelmasdi.

— Ha, — Komil ko`zlarini olib qochdi.

— O`sma qaerda? Yuqoridami, o`rtadami, pastda?

Komil xo`rsindi.

— Pastdami?

U bosh chayqadi. Unga tikilib turib ko`zim tindi…

* * *

Ko`zimni ochganimda bemorlar xonasida yotardim. Demak, hushimdan ketibman. Yo`q, uxlagandirman, balki… Ha, uxlaganman! Dahshatli tush ko`ribman…

— Komil, yomon tush ko`ribman… Tushimda o`g`lim… Xudoga shukur tush ekan…

— Erkin Valievich? Qanaqa tush?

— Tushimda Umidjon saraton bo`lganmish… — bu yolg`onligini bilardim, ammo shunday bo`lishini istaganim uchunmi, juda ishongim kelardi.

— Erkin aka? O`zingini qo`lga oling… Bu tush emas! Siz o`zingizni qo`lga olishingiz, oilangizdagilarga suyanch bo`lishingiz lozim…

— Yo`q, Komil… Bardoshim etmaydi. Uning ko`z o`ngimda so`nib borishiga chidolmayman! Azoblanishini ko`tarolmayman! U mening bolam, yolg`izgina o`g`lim!

— Qancha tez davolasak, shuncha yaxshi. Buni o`zingiz ham bilasiz!

— Onasiga nima deyman? O`ziga-chi? Ular birdan biladi. Axir uyda har kuni shu kasallik haqida gapirganman. Bemorlarimning ahvolini aytib berganman…

— Nahot, shu paytgacha sezmadingiz?

— Shuni ayt. Uning tomog`i og`rirdi. Onasi issiq-issiq ovqat edirardi. Befarqlik qilibman-da. Ovqat eyotganda yo`talib, yutolmay qolgan paytlari ham bo`lgan, ahamiyat bermaganman. Bu kasallik keksalarga xos deb yurganman-da! Yoshlarda kam uchraydi-ku!

— Ha, Umidjonning yoshida kutilmagan hol…

— Endi nima qilaman, Komil?..

— O`sma pastki qismda. Kimyo davolash qiyin kechadi. Foydasi ham kam.

— Operasiya undan-da, og`ir… Ey, Xudoyim, bu nima ko`rgulik?

— Amallab nur bilan davolaymiz. Umidjon yosh, hali ko`rmaganday bo`lib ketadi, — Komilning aytayotgan gapiga o`zi ham ishonmayotgani sezildi. — Umidjonga kurs davolashni qo`llasak bo`ladi. Ikki kurs nurlantirishdan so`ng o`zingiz operasiya qilasiz…

— Yo`q! Unday qilolmayman! Men o`z o`g`limni operasiya qilolmayman…

— Boshqa ilojingiz yo`q. Eng tajribali jarroh — o`zingiz. Nahot o`g`lingizning hayotini boshqa birovga ishonib topshirsangiz…

Komil bilan keyin nimalarni gaplashdim, yodimda yo`q. O`sha kuni kechga operasiya bor ekan. Diqqatimni jamlayolmasligimdan qo`rqib kirmayman, dedim. Ammo bemorning yaqinlari yig`lab turib oldi. Ko`z oldimga yana Umidjon keldi. Mijozimning iztirobi menikidan kam emas. Ammo ularning bitta yutug`i — ular menga ishonadi, mendan umid qiladi. Men-chi? Men kimga suyanaman?

O`sha kungi operasiya muvaffaqiyatli chiqmadi. To`g`ri, bemorim tirik. Ammo ahvoli… Uning ikki yo uch kunlik umri qolgan. Buni yaqinlariga qanday aytaman? Avvallari aytaverardim. Shifokor sifatida diydam qattiq edi. Endi-chi? Men ham ko`proq umidvor otaga aylandim. Ularning dardiga shifokor emas, jabrdiyda sifatida qarayapman.

Uyga zo`rg`a kirib keldim. Xotinim yugurib keldi:

— Umidni nega lorga olib bormadingiz? Uning yuragini yorib, o`sha qurib ketkur, shifoxonangizga olib boribsiz? Bechora o`g`lim kelib yig`ladi…

Adoyi tamom bo`ldim. Endi nima deyman? O`g`lim yig`labdi. Demak, kasalini bilgan…

— Xotin, men charchadim. Operasiyadan kelayapman. Dam olmoqchiman.

— Operasiyadan kelayotganingizini bilaman. Umidni nega u yoqqa olib bordingiz?

— Bizning apparatlar yaxshi. Aniq ko`rsatadi. Dori, issiq ovqat beraverganingdan tomog`i yara bo`lib ketibdi. Ertadan o`zim davolayman!

Shunday deya to`g`ri yotoqxonaga kirdim. Kechasi bilan uxlay olmadim. O`g`lim chekadigan azoblarni ko`z oldimga ketirib, iztirobga tushardim.

Nega Alloh meni g`aflatda qoldirdi? Qaysi gunohim uchun yolg`izgina o`g`limga bu dardni berdi? Mana shu savollar, og`riqli xayollar girdobida ikki oyni o`tkazdim. Bu vaqt ichida Umidjon ikki kurs davolandi. U ham, xotinim ham negadir meni boshqa savolga tutmadi. Xotinimning odamoviroq bo`lib qolganinining o`zi uning holati aytib turardi. O`g`lim esa bardoshli chiqdi. Og`riqu behuzurliklarga chidab berdi. Biroq kuchli dori-darmonlar, nur o`z ishini qilgan, bechora o`g`limning suyagi qolgandi xolos. Sochlari, qoshlari ham ancha to`kilgandi. Ikki-uch haftadan so`ng uni operasiya qilish lozim. Ammo qanday? Qanday qilib o`z o`g`limning, yakkayu-yagonamning bo`g`ziga tig` tortaman? Biror joyiga tikon kirsa, yuragim zirqiraydi-ku!

* * *

O`sha kun ham keldi. Men o`zimni bosolmasdim. Uni qanday operasiya qilaman? Qo`llarimga hozirdan titroq kirayapti.

— Agar qo`rqsangiz, bir haftaga kechiktiramiz. Chet eldan xohlagan professoringizni chaqirasiz, — Komil holatimni ko`rib shu qarorga kelgandi.

— Yo`q! Men uni hech kimga ishonmayman! Holatini o`zim, o`z ko`zim bilan ko`rishim kerak. Ana shunda davolashim oson kechadi, — men qat`iy qarorga kelgandim.

Allohga ming iltijo bilan ish boshladim. O`g`limning ahvoli men o`ylagandan ham yomon ekan. Buni bilgach, o`zimni qo`lga ololmay qoldim. Meni qaltiroq bosgandi.

— Erkin Valievich! Sizga nima bo`ldi? — yordamchim shoshib qoldi.

Komil yana jonimga oro kirdi:

— O`z o`g`lingizning hayotiga zomin bo`lmoqchimisiz? Bu — Umid! Esingizdan chiqarmang! O`zingizni qo`lga oling!

Bu gaplardan so`ng boshimga to`qmoq tekkandek bo`ldi. Jon-jahdim bilan ishga kirishdim. O`g`limning hayoti uchun kurashishim kerak axir!

Operasiya muvaffaqiyatli chiqdi. Ammo… tajribamdan bilamanki, Umidning ahvolidagi bemorlar besh yildan ortiq yashamaydi! Ey Xudoyim, men bunga chidolmayman! Nahot, o`g`lim yigirmaga ham kirolmaydi? Bemorlarimning yaqinlariga «Uning sakkiz oy, bir yil umri qolgan», deb aytaverardim. Ularni qanchalar azobga qo`yganimni endi tushunayapman.

* * *

Tinimsiz dori-darmon, parvarish bilan Umid uch yil yaxshi yurdi. Keyin yana orqaga keta boshladi. Dahshatga tushdim. Umid qiladigan hech narsam qolmagandi. G`amga botib qoldim. Kimdir menga yordam berishini, ko`nglimni ko`tarishini istardim. Odamlar oldimga umid bilan kelardi. Bir og`iz gapimdan tasalli topib qaytardi. Men-chi? Men kimdan najot kutay?

Boshimni qaerga urishni bilmay yurganimda Haj mavsumi boshlanib qoldi. Hajga hujjat to`g`irlayotib u erdagilarning gapidan o`yga toldim. Bu muqaddas safarga halol pul bilan bormoq kerak! Mening topganlarim halolmi? O`lim ostonasidagi bemorlarimdan operasiya uchun pul olganman. Yiqqan-terganim shu pullar evaziga kelgan. Ularni halol deb bo`ladimi? Nahot oxirgi umidim ham puchga chiqsa? Ey Xudo, nega mendan marhamatlaringni ayaysan? Tuni bilan yuragimni g`am kemirdi. Ertasiga yana o`zimni qo`lga olishga intildim. Bu borada ilmliroq kishiga maslahat soldim.

— Hadya qilib berishgan bo`lsa boshqa gap edi… — dedi u ham o`yga tolib. — Ammo siz ko`nglingizni cho`ktirmang. O`g`lingiz va sizning nomingizdan ketayotganlarga aytib, payg`ambarimizga salom yo`llaymiz. Zam-zam suvidan keltiramiz.

Qalbim yana ishonchga to`ldi. Allohning marhamati kengligiga ishondim.

Umidjon yana asta-sekin sog`ligini tiklay boshladi. Ikkinchi bor o`tkazgan kichik operasiyadan so`ng u butunlay sog`aydi, desam ishonavering.

— Dadajon, men sog`ayib ketaman! Qo`rqmang, o`g`lim o`lib qoladi, deb qo`rqmang! Men avvallari o`limdan qo`rqardim. Endi qo`rqmayman! Biz ko`pchilikmiz, nahot bitta kasallikni engolmasak… Men, oyim, siz tinmay kurashayapmiz. Parvardigor bor! U bizni noumid qilib qo`ymaydi, — operasiyadan chiqqan Umidjoning bu gaplaridan yig`lab yuborgan bo`lsam-da, tasalli oldim. 

Hozir u yigirma ikki yoshda. Uylantirish taraddudidamiz. Uning xastaligi menga katta ibrat bo`ldi. Hozir bemorlarimdan hech nima ta`ma qilmayman. Qilgan gunohlarimdan tavbadaman.

Nargiza Usanboeva yozib oldi

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1