Navoiy shahrida taomnomani davlat tilida taqdim etmagan umumiy ovqatlanish korxonasiga tegishli ta’sir chorasi qo‘llandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Fuqaro E.N. Navoiy-saxovat manzili MCHJga tegishli restoranda iste’molchilar huquqlarini cheklash holatlari mavjudligi sababli tegishli chora ko‘rish yuzasidan Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida iste’molchilar uchun jamiyatning to‘liq nomi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) hamda ushbu ma’lumotlarni skanerlash imkonini beruvchi maxsus QR-kod, ish rejimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va mahsulotlarda narxnomalar qo‘yilmagani aniqlangan.
Shuningdek, mahsulotlarining tayyor taomlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar iste’molchiga davlat tilida taqdim etilmagani qayd etilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, restoranga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
Restoran "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonuni hamda "O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish qoidalari" talablarini buzgan.
Bundan tashqari, restoran mas’uliga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga yuborilgan.