Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumanlararo sudining ijro hujjatiga binoan qarzdor A.N.dan undiruvchi D.Yu. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Ma’lum bo‘lishicha, qarzdor A.N. 2020 yilda, ya’ni sud hujjati chiqarilishidan oldin Rossiya federatsiyasiga ishlash uchun ketgan va u xorijda bo‘lgan davrida aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamagani sabab qarzdorlik 20 mln so‘mdan ortib ketgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor joriy yilning mart oyida yurtimiz hududiga qaytganligi aniqlangan.
Shunga ko‘ra, qarzdor bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, aliment qarzlarini to‘lashi tushuntirilgan. Aliment to‘lovchi ota qarzdorlik va farzandlarining kelgusidagi aliment to‘lovlari evaziga o‘zining Ulug‘nor tumanida joylashgan besh xonali hovlisini berishini ma’lum qilgan.
Shunday qilib, xonadon hujjatlari undiruvchining nomiga rasmiylashtirib berildi va ijro hujjatining ijrosi ta’minlandi.