Toshkent viloyati Piskent tumanidagi 50-son manzil koloniyada xodimlar mahkumni qiynoqqa solgani aniqlandi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil Feruza Eshmatova matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mahkum T.I. koloniya xodimlari tomonidan qiynoqqa solinib, asossiz intizomiy bo‘linmaga joylashtirilgani borasida ombudsmanga murojaat qilgan.
Holat joyiga chiqib o‘rganilganda u tuman markaziy shifoxonasiga joylashtirilgani hamda uning bosh va ko‘krak qismida lat yeyish alomatlari borligi aniqlangan.
Ishga oid hujjatlarga ko‘ra, mahkum intizomiy bo‘linmaga 27 fevral kuni joylashtirilgan va uni 10 sutkaga intizomiy bo‘linmaga kiritib qo‘yish haqida qaror chiqarilgan.
Ombudsman xabarida ta’kidlanishicha, qaror Toshkent maxsus prokurori tomonidan o‘rganilib, bekor qilingan. Koloniya ma’muriyatining harakatlari Jinoyat-ijroiya kodeksining 105-moddasi (Mahkumlarni intizomiy jazolash shartlari) va 111-moddasi (Qo‘pol tartibbuzarlik tushunchasi) talablariga zid deb topilgan.
Mahkum 6 kun davomida asossiz ravishda intizomiy bo‘linmada saqlanib, uning huquqlari va erkinliklari buzilgan. Shu sababli, ombudsman qonun talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlarga chora ko‘rilishini so‘rab Bosh prokuraturaga nazorat xati kiritdi.