AsosiyDunyo

Gagauziya rahbari Putindan yordam so‘rayapti

Yevgeniya Gutsul Putinga uni ozod qilish va "siyosiy tazyiqlarni to‘xtatish" bo‘yicha yordam ko‘rsatishni so‘rab maktub yo‘lladi.

'Gagauziya rahbari Putindan yordam so‘rayapti'ning rasmi

Gagauziya rahbari Putindan yordam so‘rayapti

Gagauziyaning rossiyaparast rahbari Yevgeniya Gutsul Rossiya Prezidenti Putinga uni ozod qilish va "siyosiy tazyiqlarni to‘xtatish" bo‘yicha yordam ko‘rsatishni so‘rab maktub yo‘lladi.

"Hech qachon tarixiy do‘stlariga xiyonat qilmagan gagauz xalqi nomidan, muhtaram Vladimir Vladimirovich, Sizga murojaat qilamiz: diplomatik, siyosiy va huquqiy mexanizmlarning butun arsenalidan foydalanib, Moldova hukumatiga bosim o‘tkazish orqali siyosiy tazyiqlarni zudlik bilan to‘xtatish va meni tezroq ozod qilish choralarini ko‘rishingizni so‘raymiz. Shuningdek, Gagauz avtonomiyasining mustaqil Moldova doirasidagi maxsus maqomini qat’iy va aniq qo‘llab-quvvatlashingizni so‘raymiz", — deyiladi maktubda.

Eslatib o‘tamiz, kecha Gagauziya poytaxti Komrat shahrida avtonomiya rahbari Gutsulning qo‘lga olinishi munosabati bilan tinch norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar «Gutsulning taqdiri – Gagauziyaning taqdiri», «Ozodlik» kabi shiorlarni qichqirishgan. Shuningdek, namoyish ishtirokchilari Rossiya va Turkiyadan Gagauziyani Moldova Prezidenti Sanduning bosimidan himoya qilishni so‘rashgan.

Gutsul kechasi Kishinyov aeroportida Istanbulga uchib ketishga tayyorlanayotgan vaqtda qo‘lga olinib, 72 soatga hibsga olingan edi. U «saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish»da ayblanmoqda. Moldova prokuraturasi uni 30 kunga hibsga olish bo‘yicha sudga murojaat qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Molodova birinchi marta separatizm muammosiga duch kelayotgani yo‘q. 1992 yilda ham Rossiya hududdagi separatizm kayfiyatining kuchayishi va qurolli to‘qnashuvlardan foydalanib, bu hududga qo‘shin kiritgan edi. Aynan Moskva dunyo davlatlari hamda BMT tan olmagan Prednestrove Moldava Respublikasi tuzilishiga yordam bergan, amalda bu mintaqa ustidan nazorat o‘rnatgan edi. 

Ekspertlarning xavotir olishicha, Gagauziya bilan bog‘liq keskinlik kuchaysa, Moskva yana yana shunday taktika qo‘llashga urinishi mumkin.

                                              Abdulloh Sayyid

    Boshqa yangiliklar