Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada vaqtinchalik xalqaro boshqaruvni joriy etish taklifini ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT shafeligida tashkil etiladigan boshqaruv saylovlar o‘tkazish va xalq ishonchiga sazovor bo‘ladigan yangi hukumatni shakllantirishga yordam beradi. Bu haqida zamon.uz xabar berdi.
Putin bu fikrini Murmansk shahriga tashrifi chog‘ida, «Arxangelsk» atom suvosti kemasi ekipaji bilan uchrashuvda ilgari surdi. Unga ko‘ra, AQSH, Yevropa davlatlari va Rossiya ishtirokidagi vaqtinchalik boshqaruv tizimi Ukrainadagi siyosiy beqarorlik muammosiga yechim bo‘lishi mumkin. Agar bunday tizim amaliyotga joriy etilsa, Moskva tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar olib borishga tayyor.
Putinning ta’kidlashicha, bu faqat muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan variantlardan biri. U BMT amaliyotida shunday tajribalar borligini eslatib, Sharqiy Timor, Kosovo va sobiq Yugoslaviyaning ayrim hududlari vaqtincha xalqaro boshqaruv ostida bo‘lganini misol qilib keltirdi. Shu bilan birga, Rossiya prezidenti boshqa yechimlarni ham muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.
Putin Ukraina hokimiyatining qonuniyligi masalasiga alohida to‘xtaldi. Uning fikriga ko‘ra, 2024 yilda prezidentlik saylovlari o‘tkazilmagani sababli, amaldagi hukumatning qonuniyligi shubha ostida qolmoqda. Unga ko‘ra, Vladimir Zelenskiyning prezidentlik muddati may oyida yakunlangan, shuning uchun u va u tomonidan tayinlangan barcha rasmiylar endi qonuniy vakolatga ega emas.
Ukraina hukumati esa saylovlar o‘tkazilmasligini harbiy holat bilan izohlamoqda. Ukraina Markaziy saylov komissiyasi rahbari Oleg Didenko saylovlar faqat urush tugaganidan keyin o‘tkazilishi mumkinligini bildirgan. Fevral oyida esa Zelenskiy tinchlik kelishuvi yoki NATOga qo‘shilish uchun iste’foga chiqish ehtimolini ham tilga olgan edi.
Putin faqat diplomatik yo‘llarni emas, balki harbiy operatsiya davomida erishilayotgan natijalarni ham ta’kidlab o‘tdi. Uning fikriga ko‘ra, Rossiya armiyasi front chizig‘ida strategik yutuqlarga erishmoqda. U "Men yaqinda biz ularga yomg‘ir yog‘diramiz, deb aytgandim, lekin biz ularni tugatamiz deb o‘ylash uchun asos bor", deya o‘z fikrini yakunladi.