Tramp deportatsiya buyrug‘iga bo‘ysunmay, AQSHni tark etmagan muhojirlarga kuniga 998 AQSH dollarI miqdorida jarima solishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu choralar 1996-yilda qabul qilingan, ammo kam qo‘llanilgan qonun hisoblanadi. Jarimalar besh yil orqaga qarab ham qo‘llanilishi mumkin bo‘lib, ayrim hollarda umumiy jarima miqdori 1 mln dan oshishi ehtimoli bor.
Agar muhojirlar jarimalarni to‘lamasa, ularning mol-mulki musodara qilinadi. Tramp ma’muriyati migrantlarga maxsus mobil ilova orqali mamlakatni ixtiyoriy tark etishni talab qilmoqda. Aks holda ular og‘ir moliyaviy jazolarga duch kelishlari mumkin.
Mutaxassislar bunday chora-tadbirlar migrant oilalarga, ayniqsa, kam daromadli qatlamga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, bu siyosatni tanqid qilayotganlar hukumatning asl maqsadi qonunni emas, balki qo‘rquvni kuchaytirish ekanini aytishmoqda.