O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning shu yil 7 dekabrdagi “O`zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarori barcha adabiyot ixlosmandlari, shoir va yozuvchilar, keng jamoatchilik tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi, deb yozadi O`zA.
Erkin Vohidov “oq sutu tuz hurmati”ni oqlashga butun umrini baxshida qilgan, mustabid tuzum qilichini qayrab turgan og`ir yillarda “lekin avval senga bo`lsam sodiq o`g`lon, o`zbegim” deya o`z xalqi va yurtiga sodiq bo`lmoqni har narsadan ustun qo`ygan va bu haqda baralla ayta olgan jasoratli adib edi. Shoirning “O`zbegim” qasidasi e`lon qilinganda, kosmopolitizm tarafdorlari barcha millatlar yo`qolib, birgina millat qoladi deya jar solar va zamon hukmdorlariga bu fikr g`oyat ma`qul tushar edi. Shu sabab Erkin Vohidov sho`rolarning ta`qibiga uchrab, ma`lum muddat hech qaerda ishlamasdan, badiiy tarjima bilan shug`ullanishga majbur bo`ldi. Yuksak badiiy mahorat bilan tarjima qilingan “Faust” asari o`zbek kitobxonlarini jahon adabiyotining yana bir nodir durdonasi bilan oshno qildi.
Erkin Vohidovdagi kurashchan ruh barcha asarlarida bo`y ko`rsatib, o`quvchining qalbida shunga mos tuyg`ularni shakllantirishga xizmat qiladi. Uning “Ona tilim o`lmaydi”, “Sharqiy qirg`oqlar”, “Ruhlar isyoni” singari she`r va dostonlari o`quvchilar qalbidan chuqur joy olgan.
Shoirning milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz va tilimiz sofligini, uning jozibasi va betakrorligini saqlab qolishdagi xizmatlarini alohida ta`kidlash kerak. Ayniqsa, g`azal janrini, umuman, aruzni saqlab qolishdagi jasorati tahsinga loyiq. Shoirlar aruzda ijod qilishga botinolmay qolgan bir paytda Erkin Vohidov aynan shu janrda katta jasorat bilan insoniy tuyg`ularni yuqori pardalarda kuylagan, haqqoniy tuyg`ularga to`lib-toshgan, vazn talablariga mos keladigan, sof zamonaviy o`zbek tilida bitilgan etmishga yaqin g`azalni o`z ichiga olgan “Yoshlik devoni”ni e`lon qiladi. Bu bilan “G`azal ma`nan eskirdi”, “Aruzda sof o`zbekcha she`r yozib bo`lmaydi” qabilidagi gap-so`zlarga chek qo`yiladi. Ushbu kitobdagi deyarli barcha g`azallar o`sha davrdagi mashhur hofizlar tomonidan musiqaga solib qo`shiq qilinadi.
Erkin Vohidov “Shoiru she`ru shuur”, “So`z latofati” kitoblarida o`zbek filologiyasining dolzarb muammolarini ko`tarib chiqdi va bu muammolarning maqbul echimini tavsiya qildi.
O`zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov umri davomida o`zining quyidagi misralariga to`la amal qilib yashadi:
Shoirlik bu shirin jondan kechmoqdir,
Limmo-lim fidolik mayin ichmoqdir.
O`zni tomchi-tomchi va zarra-zarra,
Elga qurbon qilib eng so`nggi karra,
Armon bilan demoq: “Ey ona yurtim,
Kechir, xizmatingni qilolmay o`tdim”
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo`limi ham Prezidentimiz qarori ijrosini ta`minlash hamda viloyatimizda O`zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqdi. Ushbu dastur asosida o`quv muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari, adabiy kechalar o`tkazilmoqda. Narpay tumanidagi 24-, 61-, 69-umumta`lim maktablarida O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zolari ishtirokida ijodiy uchrashuv uyushtirildi. Tadbirda Erkin Vohidov hayoti va ijodi haqida o`quvchilarga atroflicha ma`lumot berildi. O`quvchi-yoshlar shoir she`rlaridan go`zal badiiy kompozisiyalar, sahna ko`rinishlari namoyish qildi.