AQShning prezidenti Donald Tramp Michigan shtatining Uorren shahrida o‘z tarafdorlari oldida nutq so‘zladi. Unda u o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati boshlangach, birinchi 100 kunni “AQSh tarixidagi eng muvaffaqiyatli davr” deb atadi.
Trampning aytishicha, yaqin haftalar va oylarda uning ma’muriyati “Amerika tarixidagi eng yirik soliq pasayishini” e’lon qiladi. “Amerikani oltin davr kutmoqda — arzon narxlar, yuqori maoshlar va dunyodagi eng kuchli iqtisodiyot”, — deydi u.
Nutq davomida Tramp AQSh avtomobilsozlik sanoatini alohida tilga oldi va yangi soliq imtiyozlari tufayli jahon kompaniyalari o‘z zavodlarini aynan AQShda ochishga intilishini ta’kidladi.
Donald Tramp o‘zining 47-prezident sifatida erishgan yutuqlari qatorida inflyatsiya pasayishi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash va “vochilik mafkurasi”ga qarshi chiqishni sanab o‘tdi. Siyosiy raqiblari — demokratlarni u “jinnilar” va “jinoyatchilar” deb atadi. Shuningdek, “chap qanot sudyalari” va “xolis bo‘lmagan OAV”ni ham keskin tanqid ostiga oldi.
Migratsiya masalasiga to‘xtalar ekan, Tramp noqonuniy muhojirlarni chiqarib yuborish borasidagi va’dasini yana bir bor eslatdi. “Bu nafaqat mening saylovoldi va’dam, bu — Bosh qo‘mondon sifatidagi muqaddas burchim. Men mamlakatimizni qutqarishga majburman”, — deydi u.
So‘nggi sotsiologik so‘rovnomalar Trampga bo‘lgan ishonch hozirda AQSh fuqarolarining atigi 40 foizini tashkil etayotganini ko‘rsatmoqda. Biroq Tramp bu raqamlarni rad etib, ularni “soxta” deb atadi va aslida 60 foiz amerikalik uni qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi.