Joriy yilning 29-aprel kuni Moskva shahridagi “Altufyevo” ijtimoiy-reabilitatsiya markazi xodimlari hamrohligida O‘zbekistonga uch nafar voyaga yetmagan fuqaro qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya Milliy agentligi axborot xizmati ma’lum.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik natijasida amalga oshirilgan.
Toshkent shahar IIBB huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida bolalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va psixologik yordam ko‘rsatish ishlari tezkor tarzda yo‘lga qo‘yildi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan bolalarning yaqin qarindoshlari aniqlab, ularni oila bag‘riga qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Ma’lumot uchun, 2024–yildan hozirgi vaqtga qadar 40 nafardan ortiq voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarolari respublikaga olib kelinib, oilaviy muhitga qaytarildi.