AsosiyBU QIZIQ

BMT Isroilni ko‘chmanchilarning falastinliklarga qarshi hujumlarini qo‘llab-quvvatlashda aybladi

Komissiya fikricha, bunday harakatlar falastinliklarni o'z yerlaridan siqib chiqarish va hududlarni anneksiya qilish siyosatiga xizmat qilmoqda.

'BMT Isroilni ko‘chmanchilarning falastinliklarga qarshi hujumlarini qo‘llab-quvvatlashda aybladi'ning rasmi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Okkupatsiya qilingan Falastin hududlari bo‘yicha mustaqil tergov komissiyasi Isroil hokimiyatlari va xavfsizlik kuchlarini G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi ko‘chmanchilar tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlarni qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi

Komissiya hisobotida qayd etilishicha, Isroil hokimiyatlari moliyaviy va harbiy ko‘mak orqali ko‘chmanchilar harakatlariga sharoit yaratib bergan. Shuningdek, xavfsizlik kuchlari ko‘plab holatlarda ko‘chmanchilarga hamrohlik qilib, ularni himoya qilgani ta’kidlangan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yildan buyon Falastin qishloqlari va qishloq xo‘jaligi yerlariga qarshi hujumlar soni 130 foizga oshgan. O‘tgan yil davomida mazkur hujumlar oqibatida kamida 7 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 832 kishi turli darajada jarohat olgan.

“Isroil xavfsizlik kuchlarining ko‘chmanchilar hujumlarida ishtiroki kuchayib bormoqda. Bu esa amalda ko‘chmanchilar va harbiylar o‘rtasidagi farq yo‘qolib borayotganini anglatadi”, deyiladi hisobotda.

Komissiya fikricha, bunday harakatlar falastinliklarni o‘z yerlaridan siqib chiqarish va hududlarni anneksiya qilish siyosatiga xizmat qilmoqda.

Hisobotda ko‘chmanchilar tomonidan falastinlik bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ham qayd etilgan. Xususan, 2025 yil aprel oyida 12 yoshli qiz va uning 3 yoshli ukasi pichoq bilan tahdid qilinib, o‘g‘irlab ketilgani va daraxtga bog‘lab qo‘yilgani keltirilgan.

Komissiya raisi Navi Pillay zo‘ravonlik holatlarini keskin qoralab, Isroillik ko‘chmanchilarning falastinliklarga qarshi har kunlik hujumlari mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat ekanini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, hisobotda HAMAS harakati tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar ham qayd etilgan. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2024–2025 yillarda hujjatlashtirilgan 249 ta qatl va og‘ir zo‘ravonlik holatining kamida 60 tasida HAMAS bilan bog‘liq kuchlar ishtirok etgan.

BMT komissiyasi avvalgi hisobotlarida ham 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS va boshqa qurolli guruhlarning Isroilga qilgan hujumlarini harbiy jinoyat sifatida baholagan edi. Shuningdek, komissiya Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari genotsid alomatlariga ega ekanini bildirgan. Isroil esa ushbu ayblovlarni rad etib kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar