AsosiyDunyo

Eski kosmik apparat O‘zbekiston hududiga qulab tushishi ham mumkin

1972 yilda Sovet Ittifoqi tomonidan Veneraga yuborilgan "Kosmos-482" nomli kosmik apparat Yer atmosferasiga nazoratsiz kirib kelishi kutilmoqda.

'Eski kosmik apparat O‘zbekiston hududiga qulab tushishi ham mumkin'ning rasmi

1972 yilda Sovet Ittifoqi tomonidan Veneraga yuborilgan «Kosmos-482» nomli kosmik apparat Yer atmosferasiga nazoratsiz kirib kelishi kutilmoqda. Bu apparat 53 yil davomida orbitada bo‘lib, endi esa Yerga qaytish arafasida turibdi.

«Kosmos-482» dastlab Veneraga qo‘nish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uning uchirilishidagi muharrik nosozligi tufayli Yer orbitasida qolib ketgan. Apparatning asosiy qismi yillar davomida atmosferaga kirib, yonib ketgan bo‘lsa-da, uning titandan yasalgan mustahkam qo‘nish moduli hozirgacha butun holda qolgan.
Apparatning Yerga qulashi 9-11 may kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Uning O‘zbekiston hududiga tushish ehtimoli esa 0,3-0,5 foiz oralig‘ida baholanmoqda.

Kosmik kemaning bo‘laklari topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada bo‘lmaslik tavsiya etildi. Ular tarkibida xavfli kimyoviy moddalar bo‘lishi mumkin.

Qo‘nish modulining og‘irligi taxminan 500 kg bo‘lib, uning mustahkamligi tufayli atmosferada yonib ketmasdan Yerga yetib kelish ehtimoli bor. Bu modul soatiga 242 km tezlikda Yerga tushishi mumkin.

Qaysi joyga tushishi aniq emas, lekin u 52° shimoliy va 52° janubiy kengliklar oralig‘idagi hududlarga tushishi mumkin. Bu hududlar orasida O‘zbekiston ham bor. Shu bois, mamlakatimizdagi fuqarolar ehtiyotkor bo‘lishlari va rasmiy idoralardan keladigan ma’lumotlarga diqqat qilishlari tavsiya etiladi.


Astronomlar bu voqeani osmonda yorug‘ va sekin harakatlanuvchi meteorga o‘xshash holda kuzatish mumkinligini aytishmoqda. Agar apparatning qoldiqlari Yerga yetib kelsa, ularni topish va o‘rganish orqali kosmik apparatlarning uzoq muddatli ta’sirlarini tahlil qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.


Hozirda NASA va Yevropa kosmik agentligi (ESA) kabi xalqaro tashkilotlar apparatning harakatini diqqat bilan kuzatib borishmoqda. Yangi ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan jamoatchilikka xabar beriladi.

Abdulloh Sayyid

    Boshqa yangiliklar