AsosiyJamiyat

O‘zbekistonda blogerlik tartibga solinishi mumkin

Qonunchilik palatasida ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatni tartibga solish bo‘yicha normativ mexanizmlar muhokama qilindi.

'O‘zbekistonda blogerlik tartibga solinishi mumkin'ning rasmi

Bugun, 7 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasida Qonunchilik palatasi deputatlari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va media sohasi ekspertlari, OAV vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan onlayn-platformalar foydalanuvchilari huquqlari, sohada yuzaga kelayotgan ijtimoiy munosabatlar, zamonaviy chaqiriqlar keng muhoka qilindi .

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda bugungi ochiqlik siyosati davrida internet va ijtimoiy tarmoqlar fuqarolarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini tezkor qondirish, jamiyatdagi dolzarb muammolarni muhokama qilishda muhim vositaga aylanib bormoqda. 

Shu nuqtayi nazardan, onlayn-platformalarning qulayliklari bilan bir qatorda tahdidlarini ham inobatga olgan holda Internet foydalanuvchilarining huquq va manfaatlarini qonun asosida aniq mexanizmlar bilan mustahkamlab qo‘yishning ahamiyati ta’kidlandi.

Davra suhbati davomida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mas’ullari ma’lum qilishicha, qator davlat va jamoat tashkilotlari, media-sohasi ekspertlarining o‘rganishlari va izlanishlari, tahlillari asosida hamkorlikda sohani tartibga solishda to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi yaxlit qonun loyihasi ishlab chiqildi. 

Ta’kidlanishicha, loyihaning maqsadi – fuqarolarning onlayn-platformalar va veb-saytlardan foydalanish sohasidagi huquqlarini qonun darajasida mustahkamlash, ularni yolg‘on axborot, nafrat uyg‘otuvchi, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi va boshqa turli noqonuniy kontentlardan himoya qilishdan iborat.

Qonun loyihasiga ko‘ra onlayn-platformalar axborot sohasidagi amaldagi qonunchilik sezilarli liberallashtiriladi. Shuningdek, tartibga solishdagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan qator normalar nazarda tutilgan bo‘lib, ularning qabul qilinishi eng avvalo:

Internet tarmog‘ida axborot tarqatish tartiblari borasida huquqiy aniqlik va izchillik ta’minlanadi;

  • onlayn-platformalar va veb-sayt egalari uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritishning aniq shartlari belgilanadi, ularning biznes modellari uchun shart-sharoitlarni aniq prognozlash imkoniyati yaratiladi;
  • axborot sohasi ishtirokchilari, jumladan, onlayn-platformalar, blogerlar, inflyuyenserlar hamda sohani tartibga soluvchi davlat organlari o‘rtasida o‘zaro muloqot va konstruktiv hamkorlik uchun huquqiy asoslar takomillashtiriladi;
  • internetdan foydalanish xavfsizligi darajasini oshirish, bolalar sog‘ligiga xavf soluvchi axborotlardan himoya qilish bo‘yicha aniq mexanizmlar yaratiladi;
  • foydalanuvchilar o‘z sha’n va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlardan himoyalanish borasida huquqiy kafolatlarga va zarur hollarda vakolatli organning ko‘magidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Mutaxassislarning e’tiroficha, qonun loyihasida inflyuyenser va blogerlar mas’uliyati ajratilib, blogerlar majburiyatlari sezilarli yengillashtirilmoqda.

Davra suhbatida loyiha bilan kiritilayotgan yangi huquqiy institutlar batafsil ko‘rib chiqildi va uni jamoatchilik muhokamasi qo‘yish to‘g‘risida xulosaga kelindi.

    Boshqa yangiliklar