Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻan jurnalist qiz bilan boʻlgan muloqot chogʻida unga turmush qurishni orqaga surmaslikni maslahat berdi.
Maʼlum qilinishicha, matbuot vakillari bilan uchrashuv vaqtida jurnalist qiz Erdoʻgʻanni nabirali boʻlgani munosabati bilan tabriklagan. Suhbat davomida davlat rahbari qiziqib, jurnalistning shaxsiy hayoti haqida ham soʻragan.
Jurnalistning hali turmush qurmaganini bilgan Erdoʻgʻan uning yoshini soʻragan va oila qurish masalasini uzoqqa choʻzmaslikni tavsiya qilgan.
“Eshikni yopib olma”, degan Turkiya Prezidenti jurnalist qizga murojaat qilar ekan, oila qurish imkoniyatini qoʻldan chiqarmaslik kerakligini taʼkidlagan.
Erdoʻgʻanning mazkur gaplari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi.






