Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida joylashgan xususiy bog‘chada 3 yoshli bola vafot etdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ma’lum qildi.
Bildirilishicha, fojiali voqea joriy yilning 4 iyun kuni Qamashi tumanidagi “Zafar” mahallasida faoliyat yuritgan yakka tartibdagi tadbirkor O.A.ga tegishli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, muassasa xodimlarining sovuqqonligi va e’tiborsizligi oqibatida 3 yoshli tarbiyalanuvchi avtomashina ichida unutib qoldirilgan. Natijada bola transport vositasi ichida vafot etgan.
Qayd etilishicha, mazkur ta’lim muassasasi rahbariyati va mas’ul xodimlari bolalarni avtotransport vositalarida tashish qoidalariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan muntazam ogohlantirib kelingan. Biroq belgilangan talab va majburiyatlarga amal qilinmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, ushbu bog‘cha faoliyatini amalga oshirib kelgan yakka tartibdagi tadbirkor bilan tuzilgan tegishli bitimlar bekor qilingan.






