Dunyoning eng qashshoq prezidenti sifatida tanilgan Urugvay sobiq rahbari Xose Muxika 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda amaldagi davlat rahbari Yamandu Orsi ma’lum qildi.
"Chuqur qayg‘u bilan shuni ma’lum qilamizki, hamkasbimiz Xose Muxika vafot etdi. Prezident, aktivist, yetakchi... Bizga bergan hamma narsangiz va xalqingizga bo‘lgan chuqur muhabbatingiz uchun tashakkur", — deya yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Voqea yuzasidan Urugvay hukumati mamlakatda 16-maygacha motam e’lon qildi. Mamlakat ichki ishlar vaziri Karlos Negro dafn marosimida xorijiy delegatsiyalar ishtirok etishiga umid bildirgan.
Ma’lumot uchun, Xose Muxika 1935-yil 20-mayda tug‘ilgan. Yoshligida Tupamaros so‘l radikal partizan harakati a’zosi bo‘lgan va buning uchun 14 yil harbiy qamoqxonalarda o‘tirgan. U 2010—2015-yillarda Urugvay prezidenti lavozimida ishlagan, so‘ngra mamlakat parlamentiga saylangan.
2018-yil avgust oyida u vakolatlari 2020-yilda tugashiga qaramay, iste’foga chiqish to‘g‘risidagi arizasini yozgan. Sobiq prezident buning sababini “uzoq yo‘ldan charchagani” bilan izohlagan.
Davlat rahbari sifatida u juda kamtarona hayot kechirgan. Rafiqasi bilan qishloq uyida yashagan va deyarli barcha maoshini xayriya ishlariga sarflagan. Shu sababli OAVda uni “dunyodagi eng qashshoq prezident” deb atay boshlashgan. Muxikaning prezidentlik davri Urugvay dunyoda birinchi bo‘lib marixuanani qonuniylashtirgani bilan esda qolarli bo‘ldi.
2024-yili Xose Muxikaga qizilo‘ngach saratoni tashxisi qo‘yilgan edi. Yanvar oyida u saraton kasalligi boshqa a’zolarga ham tarqala boshlaganini aytib, vatandoshlari bilan vidolashgandi. Urugvay sobiq prezidenti saratonni davolashdan bosh tortgandi. U dafn etilishi uchun barcha tayyorgarliklarni ko‘rib qo‘yganini ta’kidlagandi.
Prezidentlik davrida Xose Muxika saroyda yashashdan bosh tortgan, buning ustiga maoshining katta qismini xayriya ishlariga sarflagan. U prezidentlik lavozimini egallagan paytda uning yagona mulki 1987-yilgi Volkswagen Beetle avtomobili edi.