AsosiyDunyo

Netanyaxu G‘azoga yangi hujum boshlashini e’lon qildi

Netanyaxu HAMAS yana garovga olinganlarni ozod qilishni taklif qilgan taqdirda ham Isroil urushni tugatishga rozi bo‘lmasligini ma’lum qildi.

'Netanyaxu G‘azoga yangi hujum boshlashini e’lon qildi'ning rasmi

Isroil kuchlarining G‘azo sektorida yirik hujumi “yaqin kunlarda” boshlanadi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kecha, 13 may kuni ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hujumdan maqsad Isroilga hujum qilgan HAMAS ustidan to‘liq g‘alaba qozonish va ularning qo‘lida qolgan so‘nggi garovga olinganlarni ozod qilish bo‘lishi kerak.

Avvalroq Netanyaxu yaralangan rezervchilar bilan uchrashuvda Isroil yaqin kunlarda “kampaniyani yakunlash” uchun G‘azo sektoriga “to‘liq kuch bilan” hujum boshlashiga va’da bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS yana garovga olinganlarni ozod qilishni taklif qilgan taqdirda ham Isroil urushni tugatishga rozi bo‘lmaydi. 

“Vaqtinchalik sulhga erishish mumkin, ammo uzoq muddatli urushni tugatish mumkin emas”, dedi Isroil Bosh vaziri.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Favqulodda yordam koordinatori Tom Fletcher Isroilning G‘azodagi harakatlarini tanqid qilib, “Isroil bosib olingan Falastin hududidagi tinch aholiga ataylab va uyalmasdan g‘ayriinsoniy shartlar qo‘yayotgani”ni aytdi. 

Fletcherning aytishicha, insonparvarlik yordami yetishmasligi G‘azo sektoridagi barcha 2,1 million kishini keng ko‘lamli ocharchilik xavfi ostida qoldirdi.

“O‘n haftadan ko‘proq vaqt davomida G‘azoga hech narsa yetib bormadi – na oziq-ovqat, na dori-darmon, na suv, na chodir”, dedi BMTning favqulodda yordam koordinatori.

U Isroil hukumatini “tinch aholini o‘ldirish va yarador qilishni to‘xtatishga”, “bu shafqatsiz blokadani” tugatishga va gumanitar xodimlarning hayotini saqlab qolishga imkon berishga chaqirdi.

Shu bilan birga, Fletcher HAMAS va boshqa Falastin qurolli guruhlariga murojaat qilib, “barcha garovga olinganlarni zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilishga, harbiy amaliyotlar chog‘ida tinch aholini xavf ostiga qo‘ymaslikka” chaqirdi.

Avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini tanqid qilgandi.

O‘z navbatida, Germaniya federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Binyamin Netanyaxu bilan Quddusda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “tinch aholiga zudlik bilan insonparvarlik yordamini yetkazish zarurligini ta’kidlagan”.

Isroil matbuoti xabarlariga ko‘ra, Isroilning G‘azo sektorida yangi hujumi boshlanishini AQSH Prezidenti Donald Trampning 13 may kuni Saudiya Arabistonida boshlangan va Qatar va BAAga tashrifini o‘z ichiga olgan Fors ko‘rfazi mintaqasiga uch kunlik tashrifi yakunlanishidan oldin kutmaslik kerak.

    Boshqa yangiliklar