Kecha, 18-may kuni kechqurun Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Italiya rahbarlari AQSH prezidenti Donald Tramp bilan Ukraina bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.
Germaniya hukumati rasmiy vakili Shtefan Korneliusga ko‘ra, Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi suhbatdan keyin bu masalada fikr almashinuvi yana davom etadi. Tramp va Putin Bugun, 19-may kuni gaplashadi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, suhbatda Ukraina urushi va bu urush har ikki tomon uchun qanday og‘ir oqibatlarga olib kelayotgani muhokama qilingan. Agar Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish va tinch muzokaralarga jiddiy yondashmasa, unga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llanishi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa X (avvalgi Twitter) tarmog‘ida shunday yozdi: "Ertaga prezident Putin tinchlik istayotganini ko‘rsatishi kerak. U AQSH prezidenti Tramp taklif qilgan va Ukraina hamda Yevropa qo‘llab-quvvatlagan 30 kunlik shartsiz o‘t ochmaslik rejimiga rozi bo‘lishi lozim."
Avvalroq Tramp 19-may kuni Putinga qo‘ng‘iroq qilmoqchi ekani, keyin esa Ukraina prezidenti Zelenskiy va NATO a’zolari bilan ham muloqot qilmoqchi ekani haqida aytgan edi. Uning aytishicha, asosiy mavzu — “har hafta o‘rtacha 5000 nafardan ortiq rossiyalik va ukrainalik askarning halok bo‘lishiga sabab bo‘layotgan qonli urushni to‘xtatish hamda savdo aloqalarini tiklash” bo‘ladi.