Isroil armiyasining G‘azo sektorining turli hududlariga uyushtirgan ommaviy hujumlari oqibatida so‘nggi bir kunda kamida 30 nafar falastinlik halok bo‘ldi, deb xabar berdi "Anadolu"ning tibbiy manbalari.
G‘azo janubidagi Xon Yunusda Isroil harbiy-havo kuchlari tinch aholi yashaydigan uylar va chodirli boshpanalarga 14 marta havo hujumi uyushtirdi. 15 kishi halok bo‘ldi.
Jabaliya qochqinlar lageri g‘arbida, al-Faluja bozori hududida fuqarolik hududiga zarba berilganda yana 5 kishi halok bo‘ldi.
Sektorning markaziy qismida, Dayr-al-Balax va Nusayrat qochqinlar lagerida to‘rtta aviazarba natijasida 8 kishi, jumladan, uch bola va bir ayol halok bo‘ldi.
Isroil artilleriyasi Xon Yunus shimoli-sharqidagi al-Qarar aholi punktini ham o‘qqa tutdi. Bundan tashqari, Nosir shifoxonasi yaqinidagi qo‘riqlanadigan obyektga zarba berilgan, qurbonlar qayd etilmagan. Guvohlar G‘azo shimolidagi Bayt-Laxiya shahriga ham artilleriya hujumi uyushtirilganini ma’lum qilgan.
Isroil armiyasi avvalroq G‘azoda "okkupatsiyani kengaytirish va mustahkamlash" maqsadida quruqlikdagi keng ko‘lamli operatsiya boshlaganini ma’lum qilgandi. Harbiylar falastinliklarga janubga ko‘chish haqida tahdid va chaqiriqlar yozilgan varaqalarni tashlamoqda.
BMT, inson huquqlari tashkilotlari va xalqaro gumanitar agentliklar quruqlikdagi operatsiyaning yanada kengaytirilishi G‘azoda yanada kattaroq gumanitar falokatga olib kelishidan ogohlantirmoqda.
Isroil OAV ma’lumotlariga ko‘ra, anklavning janubiy qismida falastinliklar zo‘ravonlik bilan ko‘chirilganidan so‘ng, Isroil kuchlari cheklangan miqdorda gumanitar yordam tarqatish uchun vaqtinchalik "yig‘ma lagerlar" tashkil qilmoqda. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Rafah hududida katta maydonlar tozalanganidan dalolat beradi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrda Isroil hujumlari boshlanganidan beri G‘azoda halok bo‘lganlar soni 53 339 kishiga, yaralanganlar soni 121 034 kishiga yetdi.