AQSh Oliy sudi federal chegara xizmati xodimlariga ayrim hollarda grin karta egalarini mamlakatga kiritmaslik va ularning doimiy yashash maqomini bekor qilish imkonini beruvchi qaror qabul qildi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, mazkur qaror jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan grin karta egalariga nisbatan tatbiq etiladi. Sud qaroriga ko'ra, chegara xizmati xodimlari shaxsni jinoyat bilan bog'liq deb hisoblasa, uning AQSh hududiga kirishiga ruxsat bermasligi mumkin.
E'tiborlisi, qarorda chegara xizmati xodimlaridan shaxsning jinoyat sodir etganini tasdiqlovchi aniq dalillarni taqdim etish talab qilinmaydi. Bunda "ishonish uchun yetarli ehtimoliy asos" mavjud bo'lishi kifoya hisoblanadi.
Shu bilan birga, yangi tartib AQShning kirish punktlarida grin karta egalariga berilgan qonuniy doimiy yashash maqomi (LPR)ni bekor qilish jarayonini ham soddalashtiradi.
Amaldagi immigratsiya qonunchiligiga muvofiq, AQShdan qisqa muddatga chiqqan grin karta egalari mamlakatga qaytishda qayta kirish huquqini saqlab qoladi. Biroq mazkur qoida jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan yoki aybini tan olgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oliy sudning ayrim a'zolari ushbu qarorga qarshi chiqqan. Ular hukumat grin karta egasining qonuniy doimiy yashash maqomini bekor qilishdan oldin uning haqiqatda jinoyat sodir etganini isbotlashi lozimligini ta'kidlagan.






