Uchrashuvda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Efiopiya rahbari O‘zbekistonning mamlakatdagi birinchi elchisi tayinlanganini yuqori baholab, munosabatlar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi. Bu haqda Dunyo Axborot agentligi xabar berdi.
Ashraf Xo‘jayev esa Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ta’kidladi.
Efiopiya Prezidenti esa Shavkat Mirziyoyevga ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari uchun minnatdorlik izhor etib, o‘zining samimiy tilaklarini yo‘lladi.
Ma’lumot uchun, Ashraf Xo‘jayev 2024 yildan buyon O‘zbekistonning Qatardagi elchisi bo‘lib ishlab kelmoqda. U, shuningdek, Janubiy Afrika Respublikasi va endi Efiopiyada ham o‘rindoshlik asosida elchilik vazifasini bajaradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Efiopiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1996 yil 15 iyul kuni o‘rnatilgan.






