Qozog‘iston – O‘zbekiston chegarasidagi "Tajen" va "Dovut Ota" nazorat-o‘tkazish punktlari ta’mirlash ishlari tufayli yana 4 oyga yopildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasining «Tajen» (O‘zbekiston Respublikasining «Dovut-ota») chegara o‘tkazish punkti orqali shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati bo‘yicha joriy yil 1 fevral sanasidan kiritilgan cheklovlar yana joriy yilning 1 sentyabriga qadar uzaytirildi.
Cheklov muddatining uzaytirilishi mazkur o‘tkazish punktlarida muhandislik tarmoqlarini yotqizish, binolarni kapital ta’mirlash, metall konstruksiyalarni o‘rnatish kabi keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi sababli Qozog‘iston Respublikasi tomonidan jismoniy shaxslar va transport vositalarining xavfsizligini ta’minlash, qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish maqsadida joriy etilmoqda.
Ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari «Tajen» (Qozog‘iston) – “Dovut ota” (O‘zbekiston) chegara o‘tkazish punkti orqali harakatni amalga oshirishlari mumkin.