Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025—2030 yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Strategiyani ishlab chiqish Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISЕF), Vena xalqaro tibbiyot universiteti va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekistonda 2025−2030 yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
- bolalar saratonini erta bosqichlarda aniqlash holatlari ulushini 65 foizgacha oshirish;
- onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalarning 1 yillik yashovchanligini 34 foizdan 90 foizgacha, 5 yillik yashovchanligini esa kamida 60 foizgacha oshirish;
- saraton kasalligiga chalingan bolalarni 100 foiz ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan qamrab olish.
Strategiyaning ustuvor vazifalariga zamonaviy erta tashxis va davolash dasturlarini amalga oshirish, tibbiyot muassasalari infratuzilmasini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, kompleks monitoring tizimini joriy etish, shuningdek, psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabilar kiradi.
Uni amalga oshirish loyihasi Samarqand shahridagi va Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi tibbiyot muassasalarida yo‘lga qo‘yiladi. Zarur sharoitlar yaratilsa, uning qamrovi mamlakatning boshqa hududlarida ham kengayadi.
Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi xizmatining akademik, ilmiy va kadrlar salohiyatini rivojlantirish hamda mintaqa davlatlari o‘rtasida bolalar onkogematologiyasi bo‘yicha tajriba almashish maqsadida yetakchi Yevropa universitetlari klinikalari ko‘magida davlat muassasasi shaklida Bolalar saratoni bo‘yicha xalqaro akademik hab tashkil etiladi. U Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida bo‘ladi.
Akademik hab ilmiy-ta’lim muassasasi hisoblanadi va unga quyidagi asosiy vazifalar yuklatiladi:
- xalqaro sertifikatlashtirish va uzluksiz tibbiy ta’lim tizimi bo‘yicha ballar to‘plash standartlariga mos keladigan xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish;
- qayta tayyorlash va malaka oshirishni tashkil etish orqali bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi xizmati uchun malakali tibbiy va ilmiy kadrlarni tayyorlash;
- bolalarda onkologik va onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash, tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish va joriy etishga qaratilgan ilg‘or klinik va amaliy tadqiqotlarni tatbiq qilish va innovatsiyalarni joriy etish;
- tibbiyot muassasalarining bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi sohasidagi ilmiy salohiyatni rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni hamda global akademik va tadqiqot tarmoqlariga integratsiyalashuvni rivojlantirish;
- yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va tibbiyot markazlari bilan birgalikda Sog‘liqni saqlash vazirligining talablariga muvofiq belgilangan tartibda istiqbolli dori vositalari va davolash metodikalarining klinik sinovlarini o‘tkazish;
- strategik rejalashtirish va profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun bolalar saratoni bilan kasallanishning epidemiologik tendensiyalarini tahlil qilish va prognozlash.
2028 yil 1 yanvarga qadar respublikada ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatlar bo‘yicha akademik hab uchun olib kiriladigan o‘quv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, mul’timedia mahsulotlari, o‘quv va ilmiy-metodik adabiyotlar, inventar va moddiy-texnika resurslari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno.
1 iyulga qadar "Elektron sog‘liqni saqlash" axborot tizimida onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalarni ro‘yxatga olish, tashxislash, davolash, dispanser kuzatuvi hamda yo‘naltirish jarayonlarini o‘z ichiga olgan bemorlarning raqamlashtirilgan marshruti joriy etiladi. Unda shifokor qabuliga masofadan yozilish hamda onlayn konsul’tatsiyalar o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
2025 yil yakunigacha strategiyani joriy etish loyihasini amalga oshirish doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi.