Buyuk Britaniya Rossiya aktivlari hisobiga kafolatlangan G7 qarzi doirasida Ukrainaga qurol-yarog‘ va harbiy texnika ta’miri uchun 3 milliard dollar ajratadi.
Ukraina Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Kiyev va London "Favqulodda daromadlarni jadallashtirish tashabbusi" (ERA) doirasida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olinadigan 3 milliard dollar miqdoridagi daromadlarni Ukraina armiyasi va mudofaa sanoati ehtiyojlarini qoplash uchun yo‘naltirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
G7’ning umumiy qiymati 50 milliard dollar bo‘lgan ERA mexanizmi Ukrainaga qarz berilishiga asoslanadi; bu qarzlar keyinchalik muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olinadigan foyda hisobiga qaytariladi.
Buyuk Britaniya G7’ning ushbu tashabbusi doirasida Ukrainaga 2,26 milliard funt (taxminan 3 milliard dollar) miqdorida kredit ajratishni va’da qilgan bo‘lib, bu mablag‘ uch qismga bo‘lingan holda to‘lanadi. Ukraina birinchi to‘lovni — 752 million funt (970 million dollar) — 7 mart kuni qabul qilgan.
Bayonotga ko‘ra, ushbu mablag‘lar chet elda ishlab chiqarilgan mudofaa mahsulotlarini sotib olish, harbiy texnika ta’miri va unga xizmat ko‘rsatish, ukrainalik va xalqaro mudofaa kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda muhim materiallar, jumladan, mahalliy mahsulotlarni xarid qilish uchun ishlatiladi.
"Ukraina korxonalarida 35 milliard dollarlik ishlab chiqarish quvvati mavjud, ammo moliyaviy ta’minot bois bu imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayapti", — dedi Ukraina Strategik tarmoqlar bo‘yicha vazir o‘rinbosari David Aloyan.
"Shuning uchun muzlatilgan Rossiya aktivlaridan ortiqcha foydani jalb qilish Ukraina mudofaa sanoatida ishlab chiqarish va ta’mirlash salohiyatini keskin oshiradi."
2022 yilda Rossiya to‘liq hajmda Ukrainaga bosqin uyushtirganidan so‘ng, G7 davlatlari Rossiyaning taxminan 300 milliard dollarlik davlat aktivlarini muzlatgan.
AQSH va Yevropa Ittifoqi asosiy qo‘llab-quvvatlovchilaridan bo‘lgan ERA tashabbusi aynan shu muzlatilgan aktivlardan olinadigan foydani Ukraina mudofaasi va tiklanishi uchun yo‘naltirishni ko‘zda tutadi.
Abdulloh Sayyid