Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va shu kabi olamshumul kashfiyotlarning asl negizi Yevropada emas, Sharqda – Al-Xorazmiy tomonidan kashf etilganligini bilarmidingiz? Ilm sohasidagi original innovator sifatida tan olingan Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy nafaqat o‘z davri, balki butun insoniyat tamadduni yo‘nalishini o‘zgartirib yuborgan allomalardandir. Uning nomi bugun dunyo fan sohasida "algebra" va "algoritm" degan ikki buyuk atamaning ildizida mujassam. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati xabar berdi.
Bugungi raqamli uskunalar, dasturlash, ma’lumotlar bazasi, kriptografiya, sun’iy intellekt, hatto kosmik tadqiqotlarda ham aynan al-Xorazmiyning ilmiy kashfiyotlari poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuni anglasak, zamonaviy dunyo qanday buyuk va chuqur ilmiy merosga tayanayotganini teran his qilamiz.
Al-Xorazmiy – ilm sohasidagi original innovator, uning merosi faqat bir sohada emas, balki matematikaning bir necha bo‘limi, astronomiya, geografiya, geometriya, arifmetika va hisoblash tizimlarida o‘zini namoyon qilgan. Uning “Kitob al-jabr va-l-muqobala” asari orqali algebra mustaqil fan sifatida shakllandi, arifmetikaga oid risolalari butun dunyoga o‘nlik pozitsion tizimni tarqatdi, “Zij” asari esa astronomiyada yangi davrni boshladi. Uning "Kitob surat al-arz" kabi asarlari geografiyada aniqlik va ilmiylikni tamsil qilgan bo‘lsa, “al-Xarita al-Ma’muniya” xaritasi orqali global tasavvurni shakllantirdi.
Qizig‘i shundaki, al-Xorazmiy ilm olamida bir yo‘nalishda emas, balki matematika, astronomiya, geografiya, geometriya va hisoblash tizimlari kabi ko‘plab sohalarda yuksak natijalarga erishgan. Bugungi kunda fanlararo integratsiya haqida gap ketayotgan davrda, al-Xorazmiy kabi universal allomalar namunasi har qachongidan ko‘ra dolzarb. Zero, u nafaqat nazariy olim, balki chuqur amaliy tafakkur egasi, ilmning jamiyat hayotidagi ahamiyatini chuqur tushungan haqiqiy ma’rifatparvar edi.
Al-Xorazmiy taxminan 783 yilda Xorazmda tug‘ilgan. Uning bolalik yillari va ilk ta’limi haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Biroq olim dastlabki bilimlarini Xorazm va Markaziy Osiyoning boshqa madaniy markazlarida olgan deb taxmin qilinadi. 813 yilda xalifa Horun ar-Rashidning o‘g‘li al-Ma’mun xalifalik taxtini egallaganidan so‘ng, Al-Xorazmiy Bag‘dodga taklif etiladi. Bu yerda u “Bayt al-hikma” – ya’ni “Donishmandlik uyi” nomli ilmiy akademiyada faoliyat yuritadi va hatto unga rahbarlik qiladi.
Ilm-fan rivojidagi o‘rni
Al-Xorazmiy matematika, astronomiya, geografiya kabi aniq fanlar sohasida jahonshumul kashfiyotlar qilgan. Uning matematika sohasidagi eng muhim ishlardan biri “Kitob al-jabr va-l-muqobala” asaridir. Ushbu risola orqali algebra mustaqil fan sifatida shakllanadi. Unda chiziqli va kvadrat tenglamalarni umumiy usulda yechish yo‘llari ko‘rsatib berilgan. Bu esa bugungi algebra fanining asosini tashkil etadi.
Arifmetika va algoritm tushunchasi
Al-Xorazmiy arifmetikaga oid risolasida hindlardan olingan to‘qqizta raqam va nol (kichik doiracha) yordamida katta sonlarni ifodalash usullarini asoslab bergan. Bu o‘nlik pozitsion tizimning joriy etilishiga xizmat qilgan bo‘lib, keyinchalik butun dunyoga tarqalgan. Risolaning lotincha tarjimasi “Dixit Algorizmi” (“Al-Xorazmiy aytadi”) deb boshlanadi. “Algorizmi” atamasi aynan Al-Xorazmiy nomidan olingan bo‘lib, keyinchalik “algoritm” shaklida zamonaviy ilm-fanga kirib kelgan.
Astronomiya sohasi – “Zij” asari
Al-Xorazmiyning astronomiyaga oid “Zij” nomli asari o‘z davrining yetuk ilmiy yutug‘i sanaladi. Unda Quyosh, Oy va ko‘zga ko‘rinadigan beshta sayyoraning harakati, trigonometriya, geografik koordinatalar hamda Oy va Quyosh tutilishi hodisalari haqida muhim ma’lumotlar berilgan. Ayniqsa, trigonometriyaga oid bo‘limda sinus va kosinus funksiyalarining jadvallari ilk bor tartibli ravishda keltirilgan. Bu asar keyinchalik Mirzo Ulug‘bek va boshqa olimlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilgan.
Geografiya va xarita tuzishdagi hissasi
Al-Xorazmiy “al-Xarita al-Ma’muniya” xaritasi orqali geografiya faniga ham katta hissa qo‘shgan. Bu xarita xalifa al-Ma’mun saroyi devoriga chizilgan bo‘lib, Yer yuzining obod qismini – rub’i maskunni tasvirlagan. Unda Ptolemey ilgari surgan noto‘g‘ri g‘oya, ya’ni “quruqlik dunyo okeani bilan o‘ralgan” degan qarash inkor qilinadi. Aksincha, Al-Xorazmiy quruqlikning okean bilan o‘ralganligini ilmiy asosda ko‘rsatadi. Bu esa o‘sha davr uchun katta ilmiy burilish edi.
“Kitob surat al-arz” – geografik tavsif
Al-Xorazmiyning “Kitob surat al-arz” asarida 2400 ga yaqin geografik nuqtaning koordinatalari berilgan. Unda Tinch okeani “al-Bahr al-muzallam” deb nomlangan bo‘lib, Koreya yarimoroli va Yaponiya orollari haqida ham ma’lumotlar mavjud. Ushbu kitob geografik xarita bilan birgalikda o‘rganilishi lozim bo‘lgan noyob ilmiy manba hisoblanadi.
Ilmiy merosining ta’siri
Al-Xorazmiy asarlari nafaqat musulmon Sharqida, balki Yevropada ham keng tarqalgan. Uning algebra va arifmetikaga oid asarlari lotin tiliga tarjima qilinib, o‘rta asr Yevropasi fanining shakllanishiga asos bo‘lgan. Ayniqsa, “algoritm” tushunchasi bugungi zamonaviy kompyuter texnologiyalarining nazariy asoslaridan biri hisoblanadi.
Bugun telefonimizda kalkulyatorni ochamizmi, xaritada yo‘l topamizmi yoki kod yozamizmi — aslida biz Al-Xorazmiy bilan hamnafasmiz. Uning kiritgan tamoyillari bizning kundalik qarorlarimizda yashaydi. Demak, u tarixda emas, hozirgi zamonda yashamoqda. Faqat kitoblarda emas — hayotimizning o‘zida.