Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakaga mehnat migrantlarini jalb qilish tartibi va ularga qo'yiladigan talablarni ochiqladi. Uning aytishicha, bu masala yaqinda Belarusga tashrif buyurgan O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham muhokama qilingan.
Lukashenkoning so'zlariga ko'ra, ayrim hududlarda ishchi kuchi yetishmayotgani sababli xorijdan mehnat migrantlarini jalb qilish tizimi yo'lga qo'yilmoqda. Bu jarayonda avval elchixona nomzodlarni tekshiradi, so'ng esa korxona rahbari ehtiyojiga qarab kerakli mutaxassislarni tanlab oladi.
Uning ma'lum qilishicha, yaqin vaqt ichida 200 nafarga yaqin o'zbekistonlik Vitebsk viloyatida ish boshlaydi. Keyinchalik ular mamlakatning boshqa hududlariga ham ehtiyojdan kelib chiqib taqsimlanadi. Zarurat tug'ilsa, mehnat migrantlari Belarusning o'zida qo'shimcha o'qitilishi va qayta tayyorlanishi mumkin.
Belarus rahbari mehnat migrantlarini jalb qilish jarayoni Ichki ishlar vazirligi nazorati ostida bo'lishini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, har bir ishchi uchun uni ishga qabul qilgan korxona rahbari shaxsan javobgar bo'ladi va mamlakatega faqat ehtiyojga qarab mutaxassislar qabul qilinadi.
Belarus prezidenti administratsiyasi rahbari Dmitriy Krutoyning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev ham ushbu masalani shaxsan nazorat qilmoqda. Shu munosabat bilan Belarusga faqat malakali o'zbekistonlik mutaxassislar yuboriladi.
Ayni paytda Belarusda 7 ming nafarga yaqin O'zbekiston fuqarosi ro'yxatdan o'tgan. Ularning bir qismi turli sohalarda mehnat qilayotgan bo'lsa, ko'pchiligi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olmoqda.
Lukashenko mehnat migrantlari uchun munosib yashash sharoitlari yaratish, ularni uy-joy bilan ta'minlash va belarusliklar bilan teng huquqlar berish muhimligini ta'kidlab, O'zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.






