Oxirgi uch kun ichida Hindistonning shimoli-sharqiy shtatlari – Assam, Manipur, Tripura, Sikkim, Arunachal-Pradesh va boshqa hududlarda sodir bo‘lgan suv toshqinlari va yer ko‘chkilari oqibatida kamida 34 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda NDTV xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, Shimoliy Sikkimda 1 200 dan ortiq sayyoh toshqinlar tufayli qamalda qolgan. Dastlab ularning joriy yilning 1 iyun kuni evakuatsiya qilinishi rejalashtirilgan, biroq yangi ko‘chkilar bunga to‘sqinlik qilgan. 29 may kuni Tista daryosiga tushib ketgan avtoulovdagi 8 nafar sayyoh hanuzgacha topilmagan. Harbiy havo kuchlari qutqaruv ishlariga jalb etilgan.
Meghalaya shtatining 10 ta tumani, Tripurada esa 10 mingdan ortiq odam to‘satdan yuzaga kelgan suv toshqinidan zarar ko‘rgan. Assamda 764 ta qishloqdagi 360 ming nafar aholi tabiiy ofatdan jabrlangan. Bugun, 3 iyun kuni yana 2 kishining halok bo‘lishi ortidan faqat Assamning o‘zida halok bo‘lganlar soni 10 nafarga yetgan.
“Brahmaputra daryosi Dibrugarh, Neematighat va boshqa joylarda xavfli darajadan ko‘tarilib oqmoqda. Yana beshta daryo xavfli sathdan yuqoriga ko‘tarilgan.10 000 dan ortiq odam evakuatsiya qilinib, yordam lagerlariga joylashtirilgan”, deyiladi xabarda.
Hindiston Ichki ishlar vaziri Amit Shoh tabiiy ofat hududlariga har qanday zarur yordam ko‘rsatilishini va’da qilgan. U Assam, Sikkim, Arunachal-Pradesh shtatlari bosh vazirlari hamda Manipur gubernatori bilan bog‘langanini ma’lum qilgan.
“Assam, Sikkim va Arunachal-Pradesh bosh vazirlari, shuningdek, Manipur gubernatori bilan muloqot qildim. Kuchli yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Modi hukumati shimoli-sharq aholisi bilan birdamlikda turadi”, deb yozdi Amit Shah ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Assam shtati vaziri Jayanta Mallabaruahning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga 4 lakh rupiy (taxminan 4 800 AQSH dollari) miqdorida tovon puli to‘lanadi.