O‘zbekiston har bir dollar davlat qarzini sinchkovlik va aniq maqsadlar asosida olmoqda. Bu haqda bugun, 3 iyun kuni o‘tkazilgan parlament quyi palatasi yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lumot berdi.
“Qarz olish muammoli masala emas”
Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, davlat o‘z vazifalarini bajarishda qarzga ehtiyoj sezmoqda.
“O‘sib kelayotgan iqtisodiyotimiz ko‘p mablag‘ga muhtoj. Davlat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq xarajatlar bor. Masalan, infratuzilmani rivojlantirish, ya’ni yo‘l, ichimlik suvi, energetika tarmoqlari va boshqalar. Qolaversa, mamlakat mudofaa qobiliyati va chegaralar xavfsizligini ta’minlash ham xarajatlarni talab qiladi. Bunda davlat xarajatlarining ma’lum bir qismini tashqi qarz hisobiga moliyalashtirish taqozo etiladi. Shu bilan birga, uy-joy dasturi bor. Bugun mamlakatning barcha hududlarida, jumladan eng chekka tumanlarda ham ko‘p qavatli uylar qurilyapti. Ularni tadbirkorlar qurmoqda. Odamlar ipoteka krediti olib, o‘sha uylardan xarid qilyapti. Kredit uzoq muddatga beriladi. Albatta, banklarni mablag‘ bilan ta’minlash uchun ham uzoq muddatli qarz mablag‘lari chet eldan olib kelinadi. Bu ham tashqi qarz olishimiz bilan bog‘liq masala”, dedi vazir.
Jamshid Qo‘chqorov so‘zi davomida joriy yil 1 aprelda O‘zbekiston davlat qarzi qoldig‘i 42,4 mlrd dollarga yetganini aytdi.
Vazirga ko‘ra, davlat qarzining 35,6 mlrd dollari tashqi, 6,9 mlrd dollari ichki manbalardan olingan.
“Davlat qarzining jami miqdori 2025 yil uchun kutilayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 33,5 foizni tashkil etadi. Davlat qarziga doir qonunda qarz miqdori YAIMning 60 foizidan oshirilmasligi belgilangan. Rahbariyat tomonidan har bir dollar qarz olishga nihoyatda sinchkovlik bilan qaraladi. Har bir dollar nima uchun, qaysi maqsadlarga olinayotgani katta tekshiruvdan o‘tkaziladi. Yalpi ichki mahsulot o‘sib, daromadlar ko‘payayotgani, hududlar obod bo‘layotganida xarajatlarning ma’lum qismi tashqi qarzdan qoplanadi. Buning uyatli joyi yo‘q. Muammoli holi ham yo‘q. Qarz oshdi deb gapiradigan odam O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti bugungi kunda 115 mlrd dollarga yetganini ham aytib o‘tish kerak”, deya fikr bildirdi bosh vazir o‘rinbosari.
Hisob-kitoblarga qaraganda, 2025 yil yanvar–mart oylarida O‘zbekiston davlat qarzi 2,2 mlrd dollarga ko‘paygan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, davlat tashqi qarzining 19,3 mlrd dollari yoki 54 foizini xalqaro moliya institutlari bergan. Bunda eng yirik kreditorlar Jahon banki (7,74 mlrd dollar) va Osiyo taraqqiyot banki (7,44 mlrd dollar) bo‘lgan.
Respublikaga xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlari jami 10,6 mlrd dollar kredit ajratgan (umumiy summaning 30 foizi). Bunda eng yirik qarzdorlik Xitoy taraqqiyot davlat banki hamda Xitoy Eksimbankidan (3,6 mlrd dollar) yuzaga kelgan. Shu bilan birga, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (3,1 mlrd dollar) nisbatan katta miqdorda kreditlar yo‘naltirgan.
Xorijiy investorlar esa 5,66 mlrd dollarlik xalqaro obligatsiyalarni sotib olish orqali mamlakatga qarz bergan.
Hisobotda qayd etilishicha, davlat tashqi qarzining 16,8 mlrd dollar (47 foizi) budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilgan. Shuningdek, kredit mablag‘lari quyidagi tarmoqlarga nisbatan ko‘proq sarflangan:
- qishloq va suv xo‘jaligi 6 mlrd dollar;
- yoqilg‘i-energetika sanoati 5,9 mlrd dollar;
- elektroenergetika 3,9 mlrd dollar;
- uy-joy kommunal xo‘jaligi 2,9 mlrd dollar;
- transport va transport infratuzilmasi 2,8 mlrd dollar;
- sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari hamda boshqa sohalar 2,5 mlrd dollar;
- neft va gaz 1,7 mlrd dollar.
Umumiy olganda, eng yirik qarz mablag‘lari yoqilg‘i-energetika tarmoqlariga sarflanayotganini ko‘rish mumkin.