Ijtimoiy tarmoqlarda qimorga mukkasidan ketgan yigit 1XBET’da katta miqdorda pul yutqazib, o‘zini daraxtga osib o‘ldirgani haqida xabarlar tarqaldi. darakchi.uz so‘roviga asosan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yuz bergan. Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan kecha, 3 iyun kuni ro‘yxatga olingan tergovga qadar tekshirish hujjatlariga ko‘ra, joriy yilning 31 may kuni taxminan soat 06:30 da Yashnobod tumanining M.Riyoziy mahallasi Istiqlol ko‘chasi 1-uy oldida joylashgan daraxtdan 2006 yilda tug‘ilgan, Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yashovchi F.O‘. ismli yigitning arqonga osilgan holdagi murdasi topilgan.
Hodisa joyi tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan va sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.