Germaniya kansleri lavozimini bir oy avval egallagan Friedrix Mertsning siyosiy ommabopligi sezilarli darajada ortdi. “Deutschlandtrend” tomonidan o‘tkazilgan har oylik ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, Mertsning reytingi so‘nggi ikki oyda 14 foiz punktga oshib, 39 foizga yetgan.
Biroq, yangi hukumat faoliyatidan qoniqish darajasi unchalik yuqori emas: Germaniyaliklarning atigi 40 foizi Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoq (XDI/XSI) va Sotsial-demokratik partiyadan (SDP) iborat yangi hukumatning ilk oyi faoliyatini ijobiy baholagan.
Shu bilan birga, Germaniyada eng ommabop siyosatchi sifatida mudofaa vaziri Boris Pistorius qolmoqda. Uning reytingi hozirda 61 foizni tashkil etmoqda. U avvalgi hukumat davrida ham yuqori reytingga ega bo‘lgan edi.
Germaniyadagi muqobil (AdG) partiyasining yetakchisi Alis Vaydelning faoliyati aholining 26 foizi tomonidan ijobiy baholansa-da, uning faoliyatiga eng ko‘p salbiy baho berilgan siyosatchi bo‘lib qolmoqda: so‘rovda qatnashganlarning 66 foizi uning ishini tanqid qilgan.