Rossiya 10 iyunga o‘tar kechasi Kiyev va Odessaga dronlar bilan hujum uyushtirdi. Bu haqda “CNN” yozmoqda.
Mahalliy rasmiylar turar joy binolariga zarar yetgani va kamida 2 kishi yaralanganini ma’lum qilgan. Desnianskiy, Obolonskiy va Shevchenkovskiy tumanlariga zarar yetkazilgan. Poytaxtda yarim tundan buyon havo hujumidan mudofaa tizimlari to‘xtovsiz ishlamoqda. Odamlar shahar metrosida jon saqlayotgani tasvirlarda ko‘ringan.
“Poytaxtga hali ham ko‘p sonli dronlar yopirilmoqda. Hozirgacha kamida 2 kishi yaralangan”, — deydi Kiyev meri Vitaliy Klichko.
Odessadagi tug‘uruq kompleksiga ham zarba berilgani va 1 kishi halok bo‘lgani ham aytilgan.
Avvalroq, Rossiya 9 iyun kuni Ukrainaga 479 ta dron bilan yirik hujum qilgani e’lon qilingandi. Hodisa oqibatida 6 kishi halok bo‘lib, 80 kishi yaralangandi.