22 may kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘rganish uchun boradi. Ayni holat aks etgan videolavha tez orada ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, hokimning “buzib tashla” degan iborasi katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi.
Videoda hokim keskin ohangda “buzib tashla!” deya ko‘rsatma bermoqda. Bu jumla ayrim foydalanuvchilar tomonidan “hokim xususiy bog‘chalarni buzishni buyurmoqda” degan mazmunda talqin qilinadi. Hodisa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ladi — ayrimlar bu holatni mansabdor shaxs tomonidan o‘zboshimchalik, deb hisoblaydi, boshqalar esa bu ijtimoiy obyektlarni himoya qilishga qaratilgan choradir, degan fikrda.
Shu fonda Buxoro viloyati hokimligi holatga izoh berdi. Rasmiy bayonotda aytilishicha, hokimning so‘zlari xato talqin qilingan.
“Tarmoqlarni larzaga solgan videolavhada tilga olingan ’buzib tashla’ jumlasida aynan o‘sha bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufiyona, noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagini bartaraf etilishi nazarda tutilgan”, — deyiladi bayonotda.
Hokimlikka ko‘ra, bu obyektlar davlat bog‘chasiga tutash bo‘lgan hududda joylashgan va ular tomonidan ruxsatsiz, noqonuniy faoliyat yuritilgan. Jumladan, umumiy ovqatlanish obyekti egasi bog‘cha hududida noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagini ochgan va bu holat hokimning e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, 1961 yilda qurilgan, hozirda ta’mirtalab holga kelgan bog‘chada kapital ta’mirlash ishlari mahalliy budjet hisobidan olib borilmoqda. Hokim esa mazkur ishlarni tezlashtirish, xavfsizlik choralari va tartib-intizomni ta’minlash yuzasidan mas’ullarga topshiriq bergan.
“Ijtimoiy tarmoq faollari aynan shu jumlani ’hokim xususiy bog‘chalarni buzishni buyurayapti’ tarzida muhokama qilishmoqda. Bu esa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi hokimlik izohida.
Ammo rasmiy izohlar hamon barcha e’tirozlarga barham bergani yo‘q. Ba’zi foydalanuvchilar hokimning keskin ohangda so‘zlaganini mutasaddilarning fuqarolar bilan muloqot madaniyatiga zid deb hisoblamoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda mulk daxlsizligi va qonuniy tadbirkorlik faoliyatining himoyasi borasidagi muammolar haqida ham bahslar davom etmoqda.