Bosh konsulxona barcha yurtdoshlarimizni voyaga yetmagan farzandlarining taqdiriga befarq bo‘lmaslikka, ularning xavfsizligi va huquqiy himoyasiga alohida e’tibor qaratishga chaqiradi.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasining xabar berishicha, fuqaro T.O.ning onasi 2015 yilda ishlash maqsadida Turkiyaga kelgan va Istanbul shahriga joylashgan. Uning onasi Turkiya fuqarosi bilan tanishib, shar’iy nikoh asosida turmush qurgan va uning uyida yashashni boshlagan.
Afsuski, mazkur "ota" voyaga yetmagan yurtdoshimizga nisbatan jinsiy tajovuz qilgan. Shu sababli, 2017 yilda T.O. Istanbuldagi bolalar uyiga joylashtirilgan.
Joriy yil fevral oyida T.O.ning opasi sudga qilgan murojaati asosida u bolalar uyidan ozod qilingan. Ammo T.O.ning opasi keyinchalik Turkiya politsiyasiga kuch ishlatgani uchun qamoqqa tushgan va voyaga yetmagan fuqaro yana qarovsiz qolgan.
Bosh konsulxona "Yelkadosh" va "O‘zbek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish" jamiyatilari bilan hamkorlikda mazkur fuqaroning O‘zbekistonga qaytarilishini va uni qonuniy vakillariga topshirilishini tashkil etdi.