AsosiyDunyo

Gonkongda oxirgi “prodemokratik”partiya tarqatildi

Partiya a’zolari xavfsizlik tahdidlari sabab siyosiy maydonni tark etgan.

'Gonkongda oxirgi “prodemokratik”partiya tarqatildi'ning rasmi

Xitoyning Gonkongdagi siyosiy bosimi natijasida mamlakatdagi oxirgi prodemokratik siyosiy tuzilma — Sotsial-demokratlar ligasi faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda tashkilot rahbari Chan Po In ommaviy axborot vositalariga ma’lum qilgan.

Partiya a’zolarining aytishicha, ular uzoq yillardan buyon siyosiy erkinlik uchun kurash olib borgan, biroq 2020 yilda kuchga kirgan milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun ularga bosimni keskin kuchaytirgan. Qonun qabul qilinganidan so‘ng Gonkongda Pekinga qarshi uyushtiriladigan har qanday chiqishlar “terrorchilik”, “ajralib chiqishga da’vat” yoki “davlatga qarshi harakatlar” deb baholanmoqda.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda qonun yanada kuchaytirildi: unga ko‘ra, davlatga qarshi har qanday harakat umrbod qamoq jazosigacha olib kelishi mumkin.

Sotsial-demokratlar ligasining tarqatilishi bilan Gonkongda rasmiy muxolifat butkul yo‘qoldi. Aytish kerakki, bu so‘nggi ikki yil ichida o‘zini o‘zi tarqatgan uchinchi siyosiy partiya bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Gonkong 1997 yilgacha Buyuk Britaniya mustamlakasi bo‘lgan va unga nisbatan “bir davlat – ikki tizim” siyosati amal qilgan. Ammo so‘nggi yillarda Pekin ushbu erkinliklarni bosqichma-bosqich yo‘qqa chiqarmoqda.

    Boshqa yangiliklar