Bugun Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida K. M.ga (1982 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining raisi bo‘lib ishlagan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy Sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu jinoyat ishi Qashqadaryo viloyat sudi raisining o‘rinbosari - jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi O‘. Mamadaliyevning raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqildi.
Sud hukmiga muvofiq K. M. Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tashlik belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.