Xarkov meri Igor Terexovning bayonotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukraina hududiga qarshi ilk bor yangi rusumdagi “Chernika” dronlaridan foydalangan. Unga ko‘ra, so‘nggi haftalarda shaharga faqat “Shahed”lar emas, balki nishonga aniq yo‘naltiriladigan “Chernika” dronlari ham hujum qilgan.
Terexov bu hujumlar Xarkovga va kengroq olganda, Ukrainaga qilingan ilk shunday zarbalar ekanini ta’kidladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu dronlardan biri garaj kooperativi hududiga tushgan va bir nechta avtomobilga zarar yetkazgan.
Ukraina harbiy tahlilchilari tomonidan ilgari xabar qilingan “Chernika” dronlari ikki xil versiyada ishlab chiqariladi: yengil (“Chernika-1”) va og‘ir (“Chernika-2”). Ikkinchi model mustahkam mudofaa nuqtalarini va og‘ir harbiy texnikani nishonga olish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 100 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.
Rossiya tomon hozircha bu dronlardan foydalanish borasida rasmiy bayonot bermagan. Ukraina tomoni esa bu yangi xavfga qarshi qanday choralar ko‘rilayotgani haqida ma’lumot bermagan.