O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Boku shahrida "O‘zbekiston" bog‘iga tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi bog‘ poytaxtning nufuzli va jadal rivojlanayotgan "Oq shahar" mavzesidan o‘rin oldi.
Loyihaga ko‘ra, 8,5 gektar maydonda O‘zbekistonning boy madaniyati va an’analarini namoyish etadigan ulkan majmua barpo etiladi.
Bog‘ hududida yurtimiz me’moriy obidalari nusxalari, sayilgohlar, yashil hududlar, mehmonxona, turli xil savdo va ko‘ngilochar maskanlar tashkil etiladi. Binolar qurilishi va bezagida o‘zbek milliy me’morchiligi an’analari hamda naqshlaridan foydalaniladi.
Marosimda ikki davlat rahbarlari birgalikda bog‘ poydevoriga ramziy kapsula qo‘yib, ushbu muhim loyiha qurilishini boshlab berdilar.