O'zbekistonning Jazoirdagi birinchi elchisi (qarorgohi Qohirada) Mansurbek Qilichev Jazoir tashqi ishlar, xorijdagi vatandoshlar va Afrika ishlari vaziri Ahmad Attafga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar qildi.
Ma'lum qilinishicha, u ushbu lavozimni egallash bilan bir vaqtning o'zida O'zbekistonning Misrdagi elchisi vazifasini ham bajarib kelmoqda. Yaqinda u Jazoir tashqi ishlar, xorijdagi vatandoshlar va Afrika ishlari vaziri Ahmad Attafga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar hajmi hozircha mavjud salohiyatdan past ekanini qayd etdi.
Jazoir tomoni tog'-kon sanoati, geologiya, farmatsevtika va to'qimachilik kabi yo'nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta'kidladi. Shuningdek, O'zbekiston to'qimachilik mahsulotlarini Jazoirda ishlab chiqarish va Afrika bozorlariga eksport qilish taklif etildi.
Bundan tashqari, savdo uylari, omborxonalar va shou-rumlar tashkil etish, ishbilarmonlar kengashini yo'lga qo'yish hamda hukumatlararo komissiya faoliyatini faollashtirish bo'yicha takliflar ilgari surildi.






