AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidagi eng ta’sirli, ammo omma e’tiboridan yiroq bo‘lgan shaxslardan biri — Serxio Gorning aslida Toshkentda tug‘ilgani ayon bo‘ldi. Bu haqda OCCRP va Times of Malta nashrlari rasmiy notarial hujjatlarga tayanib xabar berdi.
1986 yil 30 noyabr kuni Toshkentda dunyoga kelgan Serxio Gor tug‘ilgan paytda Sergey Goroxovskiy deb atalgan. Bu ism hozirgacha ayrim rasmiy hujjatlarda, jumladan, uning 2021 yilda Maltaning Kospikua shahrida 255 ming yevroga sotib olgan uyiga oid hujjatlarda saqlanib qolgan.
Yillar davomida sir tutilgan fakt
Serxio Gorning aynan qayerda tug‘ilgani uzoq vaqt sir saqlanib kelingan. Hatto 2024 yil dekabr oyida The Washington Post uni Trampning “yangi kadrlar siyosati”dagi “ta’sirli, ammo ko‘zga ko‘rinmas arxitektor” deb atagan bo‘lsa-da, uning vatani haqida aniq ma’lumot bera olmagan edi. Ayrim manbalar uni “Maltadan chiqqan muhojir” deb ta’riflagan bo‘lsa-da, bu da’volar hech qanday hujjatlar bilan asoslanmagan edi.
Endilikda esa ishonchli manbalar orqali Gor bolaligining bir qismini Maltada o‘tkazgani va u yerda 1996–1999 yillarda De La Salle Collegeda o‘qigani ma’lum bo‘ldi. Bu maktabdagi arxivlar uning tug‘ilgan sanasini ham tasdiqlagan.
Toshkentdan Vashingtongacha
Serxio Gor AQSHga bolalik chog‘ida ko‘chib o‘tgan. Onasi esa Isroil fuqaroligini olib, 1994 yilda Maltada kompaniya tashkil etgan. Aynan shu kompaniya orqali mulk sotib olingan va keyinchalik bu uy Serxio Gorga o‘tgan.
Gor siyosiy faoliyatini AQSHda boshlab, dastlab senator Rand Pol bilan ishlagan. 2020 yilda esa Donald Trampning “G‘alaba moliya qo‘mitasi”ni boshqargan. Shuningdek, u Tramp oilasiga yaqin bo‘lgan Winning Team Publishing nashriyotiga ham asos solgan.
Rossiya bilan rishtalar: Shubhali safarlarmi?
OCCRP manbalariga ko‘ra, Serxio Gor bir necha bor Rossiyaga safar qilgan. U 2018 yilda senator Rand Pol bilan birga Cato Institute tashabbusi bilan Moskvada bo‘lgan. Bundan tashqari, 2017 yilda ham u “Aeroflot” orqali Moskvaga uchib kelib, ertasi kuni Rimga uchib ketgani qayd etilgan.
Biroq uning advokati Robert Garson bu boradagi da’volarni rad etib, “Bu oddiy tranzit safar edi. Moskvada hech qanday rasmiy uchrashuv bo‘lmagan. Bu boradagi ayblovlar — yolg‘on va tuhmat”, — deya izoh bergan.
Kim o‘zi Serxio Gor?
Jamoatchilik nazaridan yiroqda bo‘lsa-da, Serxio Gor AQSH siyosatida muhim o‘rin tutadi. Uning Toshkentda boshlangan hayoti bugun Vashingtondagi kuch markazlariga ulanmoqda. Bugun jurnalistlar uning sirli o‘tmishi va siyosiy ta’sirini birin-ketin ochib bermoqda.