AQSHning Nyu-Meksiko shtatidagi Ruidsoso nomli tog‘li shaharcha kuchli yomg‘ir va toshqin qurboniga aylandi. Mahalliy hokimiyatga ko‘ra, yog‘ingarchilik oqibatida yer ko‘chkilari yuzaga kelgan, ko‘priklar va uylar suvga oqib ketgan.
Ayni damda uch kishi bedarak yo‘qolgan deb topilgan, bir nechta fuqarolar shifoxonaga yotqizilgan. Ruidsoso meri Linn Kroufordning aytishicha, toshqinlardan oldin shahar yaqinidagi daryo shunchalik kichik bo‘lganki, uni hatto “sakrab o‘tish” mumkin edi.
E’tiborlisi, bu shaharcha o‘tgan yili halokatli o‘rmon yong‘inlaridan jiddiy zarar ko‘rgan edi.
Shu bilan birga, kuchli yomg‘irlar bilan kurashayotgan qo‘shni Texas shtatidagi holat ham og‘irligicha qolmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, toshqinlar tufayli halok bo‘lganlar soni 109 nafarga yetgan, ulardan deyarli uchdan biri – bolalar. 160 dan ortiq inson hanuz bedarak yo‘qolgan.