Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati kiyim-kechak kiyish qoidalarini buzgan ayol va qizlarni hibsga olishni boshladi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
BMTning Afg‘onistondagi missiyasi joriy yilning 16-19 iyul kunlari Qobulda hijob yoki islomiy ro‘mol o‘rash bo‘yicha ko‘rsatmalarga amal qilmagan “ko‘p sonli” ayol va qizlarning hibsga olinishidan xavotirda ekanini bildirgan. Ammo hibsga olinganlarning soni, yoshi va qayerda saqlanayotgani haqida ma’lumot berilmagan.
“Ushbu tadbirlar ayollar va qizlarni yanada izolyatsiya qilish, qo‘rquv muhitini yaratish va jamoatchilik ishonchini yo‘qotishga xizmat qiladi”, deyiladi tashkilot munosabatida.
BMT missiyasi “Tolibon” hukumatini ayollar va qizlarning inson huquqlari va asosiy erkinliklarini cheklovchi “siyosat va amaliyotlarni”, jumladan, ularning 6-sinfdan keyin ta’lim olishini taqiqlashni bekor qilishga chaqirdi.
2022 yilning may oyida “Tolibon” ayollarni faqat ko‘zlarini ko‘rsatishga chaqiruvchi farmon chiqardi. Farmonga ko‘ra, ular boshdan-oyoq burqa kiyib yurishi kerak.
2024 yilning yanvarida muvaqqat hukumatning axloq va odob vazirligi Afg‘oniston poytaxtida ayollarni “hijobni noto‘g‘ri kiygani” uchun hibsga olganini ma’lum qilgan edi.
Vazirlik matbuot kotibi Abdul G‘ofar Faruk qancha ayol hibsga olingani haqida ma’lumot bermagan.