AsosiyJAMIYAT

Pokiston Afg‘oniston hududiga zarba berdi

Ayni paytda "Tolibon" rasmiylari BBC'ga bergan ma'lumotida Pokiston aviatsiyasi zarbalari oqibatida kamida 100 kishi halok bo'lgan yoki jarohatlanganini bildirgan.

'Pokiston Afg‘oniston hududiga zarba berdi'ning rasmi

Pokiston 28 iyun kuni Afg‘oniston bilan chegaradosh uchta viloyatga havo zarbalari berib, quruqlikda ham harbiy operatsiya o‘tkazdi. Islomobod ushbu amaliyotlar natijasida kamida 29 nafar jangari yo‘q qilinganini ma’lum qildi. "Tolibon" esa hujumlar oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgani va jarohatlangani bildirib, Pokiston harakatlarini "jinoyat" deb baholadi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Pokiston Axborot vaziri Attauloh Tarorning ma’lum qilishicha, quruqlikdagi operatsiyalarda "Jamoat ul-Ahror" guruhining to‘rt nafar a’zosi o‘ldirilgan. Mazkur tuzilma "Tahriki Tolibon Pokiston" tarkibiga kiradi.

Shuningdek, Afg‘onistonning Paktia, Paktika va Kunar viloyatlaridagi uchta nishonga havodan zarbalar berilgan. Pokiston tomonining da’vosiga ko‘ra, mazkur hujumlar oqibatida yana 25 nafar jangari yo‘q qilingan hamda katta miqdordagi qurol-yaroq va o‘q-dorilar yo‘q etilgan.

Ayni paytda "Tolibon" rasmiylari BBC'ga bergan ma’lumotida Pokiston aviatsiyasi zarbalari oqibatida kamida 100 kishi halok bo‘lgan yoki jarohatlangani bildirgan.

"Tolibon" matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Pokistonning harakatlarini keskin qoraladi.

"Pokistonning havo hujumlari oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘ldi va jarohatlandi. Ular orasida ayollar va bolalar ham bor. Biz bu qo‘rqoqlarcha bosqinchilikni jinoyat va vahshiylik deb hisoblaymiz", dedi u.

"Tolibon" hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulloh Fitratning aytishicha, Pokiston harbiylari Paktika viloyatining Gayan, Paktia viloyatining Charx va Kunar viloyatining Manogi tumanlarini bombardimon qilgan.

Pokiston Axborot vaziri Attauloh Taror esa mazkur operatsiyalar mamlakatda so‘nggi vaqtlarda sodir etilgan bir qator terrorchilik hujumlariga javob ekanini ta’kidladi. Xususan, Karachi shahrida "Jamoat ul-Ahror" a’zolari Sind reynjerlari obyektiga qurolli va portlovchi moddalar yordamida hujum qilgan. Oqibatda uch nafar harbiy halok bo‘lgan, yana to‘rt nafari jarohatlangan.

Pokiston rasmiylari uzoq yillardan buyon Afg‘onistondagi "Tolibon" hukumatini mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan jangari guruhlarga boshpana berayotganlikda ayblab keladi. Kobul esa bu ayblovlarni muntazam ravishda rad etib kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar

    Pokiston Afg‘oniston hududiga zarba berdi - Darakchi.uz