Jizzax viloyatining Sh.Rashidov tumanida yashovchi erkak fuqarolarga ruxsatsiz diniy marosimlar ko‘rsatgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli profilaktika tadbirlari doirasida ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1958 yilda tug‘ilgan Sh.T ismli fuqaro tuman markazidan chekkaroqdagi “Pastki Suloqli” mahallasida joylashgan qurilishi tugallanmagan binoda hech qanday ruxsat va diniy vakolatga ega bo‘lmasdan “issiq-sovuq” qilish marosimlari bilan shug‘ullanib kelgan.
Tadbir davomida uning yonidan 54 ming so‘m pul, pichoq, qamchi, ko‘zgu, shuningdek, ip va igna kabi vositalar daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan.
Ichki ishlar xodimlari bu holatni diniy marosimlar qonuniy tartibini buzish deb baholagan. Erkakka nisbatan MJtKning 201-moddasi 2-qismiga binoan bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborilgan.